Prezident Shavkat Mirziyoyev Iordaniyaga parvoz davomida nabirasi Shavkatbekka maktub yozdi. Unda xorijiy safarlarining sabablarini izohlab, bolalik xotiralari, ta’lim, vaqt qadri va texnologiyalardan foydalanish haqida fikr bildirdi.
Mirziyoyev maktubida ertalab xayrlashayotganda nabirasi undan «Nega Siz doim uzoq safarlarga ketasiz?» deb so‘raganini eslagan. U shoshilgani sababli bu savolga o‘sha paytda batafsil javob bera olmaganini yozgan.
Prezident xorijiy tashriflarini xalq farovonligi va bolalarning kelajagi uchun yangi hamkorlar topish zarurati bilan izohlagan.
«Bolajonim, seni qanchalik yaxshi ko‘rishimni bilasan. Lekin taqdir zimmamga shunday vazifa yuklaganki, men nafaqat sening, balki senga o‘xshagan millionlab O‘zbekiston farzandlarining kelajagi haqida ham o‘ylashim, qayg‘urishim kerak», — deyiladi maktubda.
Mirziyoyev bolaligi og‘ir mehnat bilan o‘tganini ham qayd etgan.
«Sening yoshingda yozning jaziramasida g‘o‘za chopib, izg‘irin sovuqda paxta terganman. Maktabda o‘n yil o‘qigan bo‘lsam, shuning deyarli yarmi dalada o‘tgan. Qiyinchiliklar bizni erta ulg‘aytirgan», — deb yozgan u.
Prezident bunday qiyinchiliklarni bolalarga ravo ko‘rmasligini, shu sababli davlat rahbari bo‘lganidan so‘ng birinchi navbatda ularni paxta dalalaridan maktabga qaytarganini ta’kidlagan. Shuningdek, bog‘cha va maktablar qurish, darsliklar yaratish hamda o‘qituvchilar tayyorlash borasidagi ishlarni tilga olgan.
Maktubda yoshlarning xalqaro fan olimpiadalari va shaxmat musobaqalaridagi yutuqlari, xorijiy universitetlarda ta’lim olayotgani, kashfiyot va ixtirolar qilayotgani haqida ham so‘z boradi. Mirziyoyev bularni iqtidorli bolalarni tarbiyalash bo‘yicha o‘n yil avval boshlangan ishlarning dastlabki natijalari sifatida baholagan.
U nabirasini fanlarni qunt bilan o‘rganish, xorijiy tillarni o‘zlashtirish, har kuni yangi bilim va ko‘nikma orttirishga chaqirgan. Gadjetlar va sun’iy intellektdan unumli foydalanish, biroq ularga qaram bo‘lib qolishdan ehtiyot bo‘lish kerakligini qayd etgan.
Vaqt qadri haqida to‘xtalar ekan, prezident mamlakatni rivojlantirishga oid g‘oya va tashabbuslarini amalga oshirishga vaqt yetmayotganini yozgan.
«Afsuski, ularning barini yuzaga chiqarishga vaqt kamlik qilyapti. Shu sababli, kam uxlab, ko‘p ishlashga to‘g‘ri kelmoqda», — deyiladi maktubda.
Mirziyoyev nabirasiga har bir daqiqani qadrlash, boshlagan ishini oxiriga yetkazish va bugungi vazifani ertaga qoldirmaslikni tavsiya qilgan. Shuningdek, muvaffaqiyatsizliklardan xulosa chiqarish, qiyinchiliklarga duch kelganda tushkunlikka tushmaslik, sabr va iroda bilan oldinga intilish haqida nasihat qilgan.
Prezident Vatan va uning ramzlarini qadrlash, kelajakda qaysi kasbni egallashidan qat’i nazar, el-yurtga foyda keltirishga intilish lozimligini ta’kidlagan. Halollik, kamtarlik va mehnatsevarlik kabi fazilatlarni asrashga chaqirgan.
Maktub yakunida Mirziyoyev nasihatlari O‘zbekistonning barcha bolalariga bag‘ishlanganini bildirgan.




