29.11.2026, Yakshanba+6.4°CToshkent$12 017.70€13 179.81₽146.39
+6.4°CToshkent$12 017.70 29.11.2026

Netanyaxu raqibiga hokimyatni bo‘lishishni taklif qildi

Jahon 29.11.2026 00:06 0Anhor
Netanyaxu raqibiga hokimyatni bo‘lishishni taklif qildi

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu asosiy siyosiy raqibi Gadi Ayzenkotga hokimiyatni bo‘lishish va navbatma-navbat hukumatga rahbarlik qilishni taklif etdi. U Ayzenkotga birinchi bo‘lib bosh vazir lavozimini egallash imkoniyatini berishga tayyorligini bildirgan.

Netanyaxu 28-noyabr kuni X ijtimoiy tarmog‘ida mamlakat uchun birdamlik zarurligini ta’kidlab, o‘zining «Likud» partiyasi va Ayzenkotning «Yashar» partiyasi o‘rtasida muzokaralarni tezlashtirishga chaqirgan.

Taklifga ko‘ra, Netanyaxu muqobil bosh vazir lavozimini egallaydi. Biroq Ayzenkot hukumatga qancha muddat rahbarlik qilishiga aniqlik kiritilmagan.

27-oktyabr kuni o‘tkazilgan parlament saylovlarida «Likud» eng ko‘p o‘rin egallagan partiyaga aylangan, biroq Netanyaxu koalitsiyasi hukumat tuzish uchun zarur ko‘pchilik ovozini qo‘lga kirita olmagan.

Ayzenkot qo‘shimcha ikki haftalik muddat so‘ragan taqdirda, 20-dekabrgacha hukumat tuzishi mumkin. Biroq u kelasi haftadayoq yangi hukumat tarkibini parlament ovoziga qo‘yish niyatida.

Ayzenkot Netanyaxuning taklifiga javoban hukumatning asosiy tamoyillari va siyosiy yo‘nalishlari bo‘yicha muzokaralar o‘tkazishga tayyorligini bildirgan. Uning aytishicha, bir hafta avval Netanyaxuga murosalarni o‘z ichiga olgan batafsil taklif yuborilgan, biroq haligacha javob olinmagan.

Ayzenkot o‘ng qanotdagi «Isroil — bizning uyimiz» va so‘l qanotdagi «Demokratlar» partiyalari bilan koalitsiya kelishuvini imzolagan. Shuningdek, uzoq yillar Netanyaxuni qo‘llab-quvvatlab kelgan ultraortodoksal «Birlashgan Tavrot yahudiyligi» partiyasi bilan muzokaralar olib bormoqda.

Siyosatchilar taklifni qanday baholadi?

Ayzenkotning ayrim siyosiy ittifoqchilari Netanyaxuning taklifini vaqt yutishga qaratilgan urinish sifatida baholagan.

Isroilning sobiq bosh vaziri Yair Lapid dastlab Netanyaxu ishtirokisiz hukumat tuzish, shundan keyingina birlik hukumati bo‘yicha muzokaralar olib borishni taklif qilgan.

Yana bir sobiq bosh vazir Naftali Bennet esa Netanyaxuning tashabbusini qo‘llab-quvvatlagan.

Netanyaxu parlamentdagi nazoratni yo‘qotmoqdaNetanyaxu parlamentdagi nazoratni yo‘qotmoqda

O‘xshash yangiliklar