O‘zbekiston davlat gerbidagi yozuv o‘zbek alifbosi islohoti munosabati bilan o‘zgartirilishi mumkin. «Oʻzbekiston» o‘rniga «Özbekiston» yozuvidan foydalanish taklif etilmoqda. Davlat mukofotlarining ko‘rinishiga ham o‘zgartirishlar kiritish rejalashtirilmoqda, biroq oldindan o‘rnatilgan gerblar va topshirilgan ordenlarni almashtirish rejalashtirilmagan.
Adliya vazirligi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori loyihasini 1-noyabr kuni jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi. Hujjatda davlat gerbi, ordenlar, medallar va boshqa mukofotlarning rasmiy tavsifiga oid qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritish nazarda tutilgan.
Lotin alifbosi islohoti doirasida to‘rtta harf birikmasini yangi belgilar bilan almashtirish taklif etilmoqda:
«gʻ»ni «ğ»ga;
«oʻ»ni «ö»ga;
«sh»ni «ş»ga;
«ch»ni «ç»ga.
Natijada gerb tasmasidagi «Oʻzbekiston» yozuvi «Özbekiston»ga o‘zgarishi mumkin.
Yangilangan dizayn variantlarini 2027-yil apreliga qadar tayyorlash, zarur o‘zgartirishlarni esa iyun oyigacha hukumat bilan kelishish rejalashtirilmoqda. Bu ish uchun Fanlar akademiyasi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda boshqa idoralar mas’ul bo‘ladi.
Shu bilan birga, loyihada davlat idoralari binolariga allaqachon o‘rnatilgan gerblarni, shuningdek, ilgari topshirilgan orden va medallarni majburiy almashtirish nazarda tutilmagan. Davlat ramzlari, muhrlar va rasmiy blankalarni yangilash tartibi alohida belgilanadi.
Gerbdagi yozuv oxirgi marta 2010-yil dekabrida o‘zgartirilgan. O‘shanda kirill yozuvidagi «Ўзбекистон» lotin yozuvidagi «Oʻzbekiston»ga almashtirilgan. Tegishli o‘zgartirishlar «O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi to‘g‘risida»gi qonunga 2010-yil 24-dekabrda kiritilgan.
Agar mazkur loyiha tasdiqlansa, gerbdagi yozuv 16 yil ichida ikkinchi marta o‘zgaradi. Davlat ramzining o‘zini esa qayta ko‘rib chiqish rejalashtirilmagan.
Avvalroq O‘zbekiston yangilangan alifboga o‘tganidan keyin amaldagi banknotalar va tangalar qonuniy to‘lov vositasi bo‘lib qolishi haqida yozgan edik. Ularni yangilariga almashtirish talab etilmaydi.




