O‘zbekistonda suyultirilgan gazni hisobga olish va taqsimlash tizimini chetlab o‘tishga qaratilgan 409 ta holat aniqlanib, 9,5 mingdan ortiq gaz ballonining talon-toroj qilinishining oldi olingani ma’lum qilindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, mazkur ballonlarda jami 98,3 tonna suyultirilgan gaz bo‘lgan. 20-oktabrdan boshlab kuz-qish mavsumida aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berish jarayoni nazoratga olingan. Gaz taqsimlash stansiyalari va punktlar zamonaviy videokuzatuv kameralari bilan jihozlanib, ular Qo‘riqlash departamentining boshqaruv markaziga ulangan.
Shuningdek, obyektlarda qo‘riqlash xodimlarining navbatchiligi tashkil etilgan. To‘ldirilgan gaz ballonlarini tashuvchi maxsus avtomobillar ham qo‘riqlash bo‘linmalari tomonidan kuzatib borilmoqda.
Suyultirilgan gazni aholiga tarqatish elektron hisob tizimi orqali, mahalla “yettiligi” vakillari va qo‘riqlash xodimlari nazoratida amalga oshirilmoqda.
Aniqlangan qoidabuzarliklarga aloqador ayrim mansabdor shaxslar va xodimlarga nisbatan qonunchilikda nazarda tutilgan choralar ko‘rilgani bildirildi.
Muhandis elektr hisoblagich bo‘yicha pora olayotganda ushlandi



