O‘zbekiston fuqarolarining xorijiy davlatlar qurolli kuchlari va kuch ishlatar tuzilmalarida xizmat qilgani uchun 5 yilgacha, bunday xizmatga yollagani uchun esa 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi belgilanishi mumkin. Tegishli qonun loyihasi 24-noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida birinchi va ikkinchi o‘qishlarda ma’qullandi.
Bu haqda parlament quyi palatasi matbuot xizmati xabar berdi.
Vazirlar Mahkamasi tomonidan kiritilgan qonun loyihasini deputat Saydullo Azimov taqdim etgan. Hujjat bilan Jinoyat kodeksining 154-moddasi («Yollanish») va 154-1-moddasiga («Chet davlatlarning harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki boshqa shunga o‘xshash organlariga xizmatga kirish, yollanish») o‘zgartirishlar kiritish nazarda tutilmoqda.
Qanday jazolar taklif qilinmoqda?
Qonun loyihasiga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolarining xorijiy davlatlar qurolli kuchlari, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya va boshqa shunga o‘xshash tuzilmalarida xizmat qilgani uchun 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki shu muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi belgilanishi taklif etilmoqda.
Amaldagi Jinoyat kodeksining 154-1-moddasi bo‘yicha bunday harakatlar uchun bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravarigacha jarima yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari nazarda tutilgan.
Shuningdek, fuqarolarni xorijiy harbiy va kuch ishlatar tuzilmalarda xizmat qilishga yollaganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish rejalashtirilmoqda.
Hozirda bunday jinoyat uchun 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum etish jazosi belgilangan. Yangi loyiha bilan esa 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi taklif qilinmoqda.
Bundan tashqari, Jinoyat kodeksining yollanishga oid 154-moddasida qurolli mojaro tushunchasini aniqlashtiruvchi terminologik o‘zgartirishlar kiritiladi. Moddadagi amaldagi jazolarni o‘zgartirish nazarda tutilmagan.
Jinoyatlar soni qariyb 12 baravarga oshgan
Majlisda deputat Saydullo Azimov 2025-yilda fuqarolarning xorijiy harbiy xizmatga kirishi va bunday xizmatga yollanishi bilan bog‘liq jinoyatlar soni qariyb 12 baravarga oshganini ma’lum qilgan.
Biroq deputat jinoyatlarning aniq soni va qaysi davr bilan taqqoslanganini ochiqlamagan.
Azimovning ta’kidlashicha, O‘zbekiston fuqarolarining xorijdagi qurolli mojarolarga jalb etilishi holatlari ko‘payayotgani ularning hayoti va milliy xavfsizlik uchun tahdid tug‘dirmoqda.
Avvalroq, 2025-yil noyabrida Davlat xavfsizlik xizmati 2022-yildan buyon O‘zbekistonda Jinoyat kodeksining 154-moddasi («Yollanish») bo‘yicha 338 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini bildirgan edi.
Xususan, 2022-yilda 19 ta, 2023-yilda 68 ta, 2024-yilda 112 ta, 2025-yilda esa ma’lumot e’lon qilingan vaqtgacha 139 ta jinoyat ishi qayd etilgan.
Shu bilan birga, yollanish moddasi bo‘yicha yuritilgan jinoyat ishlari statistikasi xorijiy harbiy xizmatga kirish va bunday xizmatga yollash bilan bog‘liq jinoyatlar ko‘rsatkichiga aynan teng emas.
Qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ma’qullandi
Qonun loyihasini birinchi o‘qishda 109 nafar, ikkinchi o‘qishda esa 110 nafar deputat qo‘llab-quvvatlagan. Qarshi va betaraf ovozlar qayd etilmagan.
Hujjat mualliflariga ko‘ra, taklif etilayotgan o‘zgartirishlardan asosiy maqsad bunday jinoyatlarning oldini olish va fuqarolarni xorijdagi qurolli mojarolarga jalb etilishdan himoya qilishdir.
Qonun loyihasi hozircha kuchga kirgani yo‘q. Buning uchun hujjat qolgan qonunchilik bosqichlaridan o‘tishi, jumladan, Senat tomonidan ma’qullanishi va prezident tomonidan imzolanishi kerak.




