“Muhtasham yuz yil” seriali yulduzi Mehmet Gunsur ilk bor voyaga yetgan o‘g‘li bilan ko‘rinish berdi | Daryo

Turkiyalik taniqli aktyor Mehmet Gunsur “Muhtasham yuz yil” serialidagi shahzoda Mustafo obrazi orqali butun dunyoga tanilgan. Bugungi kunda uning filmografiyasida 40 dan ortiq film va serial bor. Mashhurligiga qaramay, aktyor shaxsiy hayotiga oid tafsilotlarni ommadan sir saqlashga harakat qiladi.
“Muhtasham yuz yil” yulduzi Mehmet Gunsur ilk bor voyaga yetgan o‘g‘lini ommaga ko‘rsatdi. Aktyorning muxlislari uning anchadan beri Katerina Monjio bilan turmush qurgani va ular uch nafar farzandni tarbiyalayotganidan xabardor. Biroq Mehmet yillar davomida o‘g‘li va qizlarining suratlarini jamoatchilikka ko‘rsatmagan. Bu safar esa istisno qildi.

Foto: Haberler
Aktyor “Sevgi tasodiflarni sevadi — 3” filmining yopiq namoyishiga yolg‘iz o‘g‘li Ali bilan tashrif buyurdi. Bu yil 20 yoshni qarshilagan yigit otasi bilan tushgan suratini muxlislari e’tiboriga havola qildi. Surat qisqa vaqt ichida yuzlab layk va izohlarga sabab bo‘ldi. Foydalanuvchilar Alining otasidan balandroq ekanini, tashqi ko‘rinishi esa ko‘proq onasiga o‘xshashini ta’kidladi.
Ali Mehmet va Katerinaning to‘ng‘ich farzandi. Juftlik yana ikki qiz — Mayya va Xloyani tarbiyalab kelmoqda. Avvalroq turkiyalik aktyor jurnalistlarga farzandlarini suratga olish va ularning rasmlarini e’lon qilishni taqiqlashini bir necha bor aytgan. U rafiqasi bilan erishgan mashhurlik farzandlariga xalaqit berishini, ularning bolaligi va oddiy hayotiga ta’sir qilishini istamagan.



