Prezident Shavkat Mirziyoyev chorvachilikda mahsuldorlikni oshirish va ozuqa ta’minotini yaxshilash bo‘yicha takliflar bilan tanishdi. Rejalashtirilgan chora-tadbirlar hisobiga qo‘shimcha 400 ming tonna go‘sht yetishtirish imkoniyatini yaratish ko‘zda tutilmoqda.
Taqdimotda keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda ozuqa xarajatlari go‘sht yetishtirish tannarxining 30 foizini tashkil qilmoqda.
O‘zbekistonda 12,5 million bosh qoramol, 23 million bosh qo‘y-echki va 125 million bosh parranda boqilmoqda. Yiliga 48 million tonna ozuqa yetishtirilayotgan bo‘lsa-da, bu mavjud ehtiyojni to‘liq qoplamayapti.
Bir bosh qoramol uchun yiliga 6,5 tonna ozuqa talab etilsa, amalda bu ko‘rsatkich 4 tonnadan oshmayapti. Shuningdek, chorvachilik uchun ajratilgan qariyb 480 ming gektar yerning kamida 20 foizidan samarasiz foydalanilmoqda.
Ozuqa yetishtirish hajmi oshiriladi
Taqdimotda ozuqa yetishtirish hajmini 2027-yilda 64,5 million tonnaga, 2030-yilgacha esa 90 million tonnaga yetkazish bo‘yicha takliflar bildirilgan.
Ozuqabop ekin maydonlari hisobini raqamlashtirish, yerlardan maqsadli foydalanishni kosmik monitoring orqali nazorat qilish hamda ekinlar hosildorligini gektariga 350 sentnerdan 500 sentnerga oshirish ko‘zda tutilgan.
2030-yilgacha 200 ming gektar yerni qayta foydalanishga kiritish rejalashtirilgan. Shundan 50 ming gektarida ishlar 2027-yilda amalga oshiriladi.
Qashqadaryo viloyatining sakkizta tumanida qurg‘oqchilik va sho‘rlanishga chidamli ozuqabop ekinlar yetishtirish yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, 2030-yilgacha respublika bo‘yicha 1 million gektar yaylovda dronlar yordamida urug‘ sepish rejalashtirilgan.
Hududlarda 100 dan ortiq ozuqa markazlari va shoxobchalarini tashkil etish taklif qilindi. Ular ozuqani xarid qilish, qayta ishlash, zaxiralash va iste’molchilarga uzluksiz yetkazib berish bilan shug‘ullanadi.
Hozirda mamlakatdagi qoramollarning 87 foizi aholi xonadonlarida boqilmoqda.
Chorvachilik uchun yangi subsidiyalar
Taqdimotda chorvachilik bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar va aholi xonadonlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha quyidagi takliflar bildirilgan:
500 gektardan ortiq yerni o‘zlashtirib, zamonaviy sug‘orish tizimini joriy etgan tadbirkorlarga 100 ming kub metrgacha suv sig‘imiga ega havzalar qurib berish;
“Pivot” sug‘orish texnologiyasi uchun ajratiladigan subsidiyani har bir gektarga 2,5 million so‘mdan 4 million so‘mgacha oshirish;
kamida 10 gektar maydonni sug‘orishda qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanish uchun uskunalar xaridi xarajatlarining 50 foizigacha qismini qoplash;
ozuqa markazlarini tashkil etish va ozuqabop ekinlar yetishtirish uchun imtiyozli kreditlar ajratish;
2027-yildan Qashqadaryoda tajriba tariqasida aholi xonadonlaridagi chorva uchun ozuqa xaridi xarajatlarining 10 foizini subsidiyalash.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy, Buxoro, Qashqadaryo va Xorazm viloyatlarida yaylovlarni o‘zlashtirgan tadbirkorlarga ushbu maydonlarning bir qismida chorvachilik komplekslarini qurish imkoniyatini yaratish ham taklif etilgan.
Chorva mahsuldorligi oshiriladi
Hozirda O‘zbekistonda ozuqabop ekinlar urug‘iga bo‘lgan ehtiyojning 95 foizi import hisobidan qoplanmoqda.
Importga qaramlikni kamaytirish maqsadida Qashqadaryoda Misr olimlari bilan hamkorlikda ilmiy-tadqiqot va urug‘chilik markazlarini tashkil etish rejalashtirilgan.
Shuningdek, chorva naslini yaxshilash, sun’iy urug‘lantirish va yuqori genetik qiymatga ega embrionlarni ko‘chirib o‘tkazish texnologiyalaridan foydalanishni kengaytirish taklif qilingan.
Mazkur chora-tadbirlar hisobiga qoramollarning so‘yishga topshirishdagi tirik vaznini 250–350 kilogrammdan 450–550 kilogrammga yetkazish hamda qo‘shimcha 400 ming tonna go‘sht yetishtirish imkoniyati yaratilishi qayd etilgan.
Prezident mutasaddilarga takliflarni puxta ishlab chiqish, moliyalashtirish mexanizmlarini belgilash, hududlarda manzilli loyihalarni shakllantirish hamda ichki bozorda go‘sht va sut mahsulotlari narxlari barqarorligini ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar bergan.
Go‘sht importi uchun subsidiya beriladi
O‘zbekistonda go‘sht ishlab chiqarish 190 ming tonnaga oshiriladi
Go‘shtni samolyotda olib kelish bo‘yicha imtiyoz yil yakunigacha uzaytiriladi 



