26.11.2026, Payshanba+11.9°CToshkentUSD11 990.54EUR13 136.84RUB146.24
+11.9°CToshkent$11 990.54 26.11.2026

Qo‘shtepa kanali qurilishining ikkinchi bosqichi 99 foizga yakunlandi — “Tolibon” | Daryo

Boshqa 25.11.2026 23:00 0Daryo
Qo‘shtepa kanali qurilishining ikkinchi bosqichi 99 foizga yakunlandi — “Tolibon” | Daryo

“Tolibon” hukumati Afg‘oniston shimolidagi Qo‘shtepa kanali qurilishining ikkinchi bosqichi 99 foizga yakunlanganini ma’lum qildi. Tez orada kanalning ushbu qismiga Amudaryodan suv chiqariladi. Bu haqda Milliy taraqqiyot korporatsiyasi ma’lumotlariga tayanib, Afghanistan International xabar berdi.

Korporatsiya ma’lumotlariga ko‘ra, daryodan kanalga suv olish uchun mo‘ljallangan asosiy inshoot qurilishi yakuniga yetmoqda. Qolgan ishlar tugallangach, Amudaryo suvi kanalga yo‘naltiriladi, ammo buning aniq sanasi keltirilmagan.

19-noyabr kuni O‘zbekiston suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev Qo‘shtepa kanali qurilishi bo‘yicha Afg‘oniston tomoni bilan doimiy muloqot olib borilayotganini ma’lum qilgandi.

Vazir Amudaryo oqimining bir qismi Afg‘oniston hududida shakllanishi sababli mamlakat ham daryodan suv olishga haqli ekanini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, kanal qurilishi yakunlangach, olinadigan suv hajmi bo‘yicha davlatlararo shartnoma imzolashga kelishib olingan.

Shu bilan birga, Hamroyev Qo‘shtepa kanaliga Amudaryodan suv chiqarish 2030-yildan oldin boshlanmasligini, katta hajmda suv olish esa 2050-yilgacha cho‘zilishi mumkinligini ta’kidlagan.

Vazir Afg‘oniston tomoni sersuv yillarda 10 mlrd kub metrga yaqin, suv kam bo‘lgan yillarda esa 6 mlrd kub metr suv olishni rejalashtirayotganini aytgan va mintaqada suv muvozanatini saqlash uchun o‘zaro hamkorlik muhimligini ta’kidlagan. Shavkat Hamroyev kanal uchun yiliga 4 mlrd kub metrdan ortiq suv olinishi O‘zbekiston qishloq xo‘jaligiga jiddiy zarar yetkazishi mumkinligidan ogohlantirgan.

Ma’lumot uchun, uzunligi qariyb 285 kilometr bo‘lgan Qo‘shtepa kanali Afg‘oniston shimolidagi Balx, Juzjon va Faryob viloyatlarida qishloq xo‘jaligi yerlarini sug‘orish uchun mo‘ljallangan. Kanal qurilishi 2022-yilda boshlangan. Uning 108 kilometrlik birinchi qismi 2023-yil oktyabrda qurib bitkazilgan.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Tolibon” tomonidan Qo‘shtepa kanali qurilishi Markaziy Osiyodagi suv rejimi va muvozanatini o‘zgartirishini aytgandi. “Tolibon” esa O‘zbekiston Qo‘shtepa kanalidan zarar ko‘rmasligiga va’da bergan.

O‘xshash yangiliklar