26.11.2026, Payshanba+11.9°CToshkentUSD11 990.54EUR13 136.84RUB146.24
+11.9°CToshkent$11 990.54 26.11.2026

Prezident O‘mon, Iordaniya va Turkiya bilan kelishuvlar ijrosi bo‘yicha topshiriqlar berdi

Boshqa 25.11.2026 23:36 0Anhor
Prezident O‘mon, Iordaniya va Turkiya bilan kelishuvlar ijrosi bo‘yicha topshiriqlar berdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘mon, Iordaniya va Turkiya bilan erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish hamda 2027-yilda O‘zbekistonda yirik xalqaro tadbirlarni o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish masalalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

Yig‘ilishda investitsiya loyihalarini jadallashtirish, moliyalashtirish manbalarini aniqlash, zarur infratuzilmani yaratish va har bir mamlakat bo‘yicha aniq “yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqish vazifalari belgilandi.

O‘mon bilan 5 milliard dollarlik loyihalar

16–17-noyabr kunlari O‘monga amalga oshirilgan davlat tashrifi doirasida 30 dan ortiq ikki tomonlama hujjat imzolangan va 5 milliard dollarlik qo‘shma loyihalar portfeli shakllantirilgan.

Tomonlar o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilgan.

Energetika, elektrotexnika, kimyo va tog‘-kon sanoati, shaharsozlik, qishloq xo‘jaligi, moliya hamda raqamli texnologiyalar hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari sifatida belgilangan.

Iordaniya bilan savdo hajmi 500 million dollarga yetkaziladi

23–24-noyabr kunlari Iordaniyaga amalga oshirilgan davlat tashrifi davomida 19 ta ikki tomonlama hujjat qabul qilindi va imzolangan.

Jumladan, Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitimning amalga oshirilishi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 500 million dollarga yetkazishga xizmat qilishi kutilmoqda.

To‘qimachilik korxonalarini tashkil etish, muhim minerallarni o‘zlashtirish, farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish va agrosanoat klasterlarini barpo etish bo‘yicha qo‘shma loyihalar rejalashtirilgan.

Turkiya bilan 11,2 milliard dollarlik kelishuvlar

Yig‘ilishda Turkiya bilan erishilgan kelishuvlarning ijrosi ham muhokama qilingan.

2026-yil yanvar oyida Shavkat Mirziyoyevning Anqaraga rasmiy tashrifi yakunida o‘zaro savdo hajmini 5 milliard dollarga yetkazish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va hududlararo aloqalarni faollashtirish vazifalari belgilangan edi.

Oktabr oyida esa O‘zbekiston – Turkiya biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yuqori darajadagi kengashi tashkil etilgan.

19-noyabr kuni Toshkentda Turkiyaning 150 dan ortiq kompaniyasi vakillari ishtirokida o‘tkazilgan kengashning birinchi yig‘ilishida 11,2 milliard dollarlik investitsiya va savdo kelishuvlariga erishilgan.

Parrandachilik, bog‘dorchilik, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika, shaharsozlik, geologiya va turizm sohalarida hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlari mavjudligi qayd etilgan.

Prezident mutasaddilarga xorijiy hamkorlar bilan doimiy muloqotni yo‘lga qo‘yish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga ko‘maklashish va yuzaga kelayotgan masalalarni tezkor hal etish bo‘yicha topshiriqlar bergan.

Shuningdek, turizm, ta’lim, ilm-fan va madaniyat sohalaridagi kelishuvlarni amalga oshirish, to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar hamda hududlararo hamkorlikni rivojlantirish muhimligi ta’kidlangan.

Elektrotexnika eksportini 5 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilmoqda

Yig‘ilishda 2027-yilda o‘tkaziladigan yirik xalqaro tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish va elektrotexnika sanoatini rivojlantirish masalalari ham ko‘rib chiqilgan.

2030-yilgacha elektrotexnika sanoatida ishlab chiqarish hajmini 130 trillion so‘mga, eksportni 5 milliard dollarga yetkazish hamda qiymati 11 milliard dollardan ziyod investitsiya loyihalari portfelini shakllantirish maqsad qilingan.

2027–2029-yillarda oltita istiqbolli yo‘nalishda 164 ta loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlash, mahalliy brendlarni tashqi bozorlarga olib chiqish va “Ming nafar muhandis-konstruktor” dasturini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilgan.

O‘xshash yangiliklar