O‘zbekistonda qo‘riqlash tizimini to‘liq raqamlashtirish, sakkizta yangi xizmat turini joriy etish hamda Milliy gvardiyaning qo‘riqlash faoliyatiga oid vakolatlarini kengaytirish taklif qilindi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev qo‘riqlash xizmatlari sifati va qamrovini oshirishga qaratilgan taqdimot bilan tanishdi.
Qayd etilishicha, so‘nggi o‘n yilda mamlakatda ijtimoiy va savdo obyektlari soni 150 mingdan 500 mingtaga, uy-joylar soni esa 1,5 milliondan 8 milliontaga ko‘paygan. Tun-u kun faoliyat yuritadigan savdo va xizmat ko‘rsatish ko‘chalari soni 255 taga yetgan.
Biroq qo‘riqlash xizmatlarining amaldagi qamrovi va turlari aholi hamda tadbirkorlarning ortib borayotgan ehtiyojlarini to‘liq qondirmayotgani qayd etilgan.
Taqdimotda, sohadagi mavjud beshta axborot tizimini birlashtiruvchi “Raqamli qo‘riqlash” yagona axborot tizimini joriy etish taklif qilingan. U orqali shartnomalarni elektron rasmiylashtirish, to‘lov ma’lumotlarini onlayn olish va tezkor guruhlarning harakatini real vaqt rejimida kuzatish mumkin bo‘ladi.
Shuningdek, sun’iy intellekt yordamida ehtimoliy xavf-xatarlarni oldindan aniqlash va ularning oldini olish ko‘zda tutilmoqda.
Amaldagi oltita qo‘riqlash xizmatiga qo‘shimcha ravishda sakkizta yangi xizmat turini joriy etish taklif qilingan. Jumladan:
xonadonlarga zamonaviy nazorat qurilmalarini o‘rnatish;
mobil qurilmalar orqali virtual “SOS” tizimidan foydalanish;
investorlar, sayyohlar va tadbirkorlarga tansoqchilik xizmatlarini ko‘rsatish;
oilaviy va boshqa tadbirlarda jamoat tartibini saqlash;
dronlar yordamida kuzatuv olib borish;
mavsumiy faoliyat yurituvchi obyektlarni qo‘riqlash.
Bundan tashqari, ko‘p kvartirali uylarda domofon va tashvish tugmalarini o‘rnatish, yangi qurilayotgan obyektlarni qo‘riqlash vositalari bilan jihozlash bo‘yicha yagona talablarni belgilash rejalashtirilmoqda.
Sohaga xususiy sektorni keng jalb qilish, mahalliy dasturiy ta’minot va texnik qurilmalar ishlab chiqarishni rivojlantirish bo‘yicha ham takliflar bildirilgan. Mahalliylashtirish darajasini 30 foizdan 60 foizga, ishlab chiqarish quvvatini oyiga 10 mingtadan 30 mingtaga yetkazish orqali qurilmalar tannarxini 1,7 barobar arzonlashtirish imkoniyati mavjudligi qayd etilgan.
Milliy gvardiya tomonidan qo‘riqlanishi mumkin bo‘lgan obyektlar turlarini 13 tadan 24 taga yetkazish ham taklif qilingan.
2027-yilda qo‘riqlanadigan obyektlar sonini 337 mingdan 600 mingtaga, tezkor harakatlanuvchi guruhlar sonini 630 tadan 800 taga yetkazish, qo‘shimcha 1,5 mingta mahallada patrullik xizmatini tashkil etish hamda qo‘riqlash xizmati xodimlari sonini 8 ming nafarga oshirish maqsad qilingan.
Prezident mutasaddilarga aholi uchun sifatli va hamyonbop qo‘riqlash xizmatlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriqlar bergan.
O‘zbekistonda konsert va ommaviy tadbirlarni qo‘riqlash pulli bo‘lishi mumkin



