23.11.2026, Dushanba+16.4°CToshkentUSD12 004.48EUR13 155.71RUB146.56
+16.4°CToshkent$12 004.48 23.11.2026

“O‘zbekneftgaz” qish uchun 102 ming tonna benzin zaxirasini tayyorladi

Boshqa 23.11.2026 15:38 0Anhor
“O‘zbekneftgaz” qish uchun 102 ming tonna benzin zaxirasini tayyorladi

“O‘zbekneftgaz” AJ qish mavsumida ichki bozorni ta’minlash uchun 102 ming tonna benzin zaxirasini shakllantirdi. Kompaniya hisob-kitobiga ko‘ra, bu hajm ikki oylik iste’molni qoplash uchun yetarli. Talab oshgan taqdirda yoqilg‘ining birjadagi kunlik taklifi hozirgi 4,6 ming tonnadan 10 ming tonnagacha oshirilishi mumkin.

Bu haqda kompaniya axborot xizmati rahbari Mo‘min Ibodov qish mavsumiga tayyorgarlik masalalariga bag‘ishlangan brifingda ma’lum qildi. Axborot “O‘zbekneftgaz”ning rasmiy kanalida e’lon qilindi.

Shakllantirilgan zaxiralar Buxoro neftni qayta ishlash zavodi va kompaniya neft bazalarida joylashtirilgan. O‘tgan yilning mos davriga nisbatan zaxira 25 ming tonnaga — 77 ming tonnadan 102 ming tonnagacha oshgan.

Kompaniya bu miqdor ikki oylik iste’mol uchun yetishini ta’kidlamoqda. Biroq hisoblash metodikasi ochiqlanmagan. Gap mamlakatdagi barcha yoqilg‘i hajmi haqida emas, “O‘zbekneftgaz” zaxiralari haqida ketmoqda.

Birjadagi taklif ikki baravardan ko‘proqqa oshirilishi mumkin

Hozirda “O‘zbekneftgaz” birja savdolariga kuniga qariyb 4,6 ming tonna benzin, jumladan 4,3 ming tonna AI-92 benzinini chiqaradi.

Taqqoslash uchun, 2025-yilda kompaniyaning o‘rtacha kunlik taklifi 2,2 ming tonnani tashkil etgan.

Talab oshgan taqdirda kompaniya birjadagi taklif hajmini kuniga 8 ming tonnagacha, zarurat tug‘ilsa esa 10 ming tonnagacha yetkazishga tayyor. Bu hozirgi ko‘rsatkichdan ikki baravardan ko‘proq.

Qo‘shimcha hajmlar sovuq ob-havo sharoitida metan zapravkalari faoliyatiga vaqtinchalik cheklovlar joriy etilib, haydovchilarning bir qismi benzinga o‘tgan taqdirda kerak bo‘lishi mumkin.

Shu bilan birga, taklifni kuniga 10 ming tonnagacha oshirish imkoniyati zavod har kuni shuncha miqdorda yoqilg‘i ishlab chiqara oladi degani emas. Hozirda uning kunlik ishlab chiqarish hajmi 3,2–3,4 ming tonnani tashkil etadi. Qo‘shimcha yetkazib berish mavjud zaxiralar va boshqa manbalar hisobidan ta’minlanishi kerak.

Benzin narxlari nega oshmoqda?

“O‘zbekneftgaz” birja narxlarining oshishini, jumladan, metan zapravkalari faoliyatiga ehtimoliy cheklovlar haqidagi xabarlar fonida talabning ko‘payishi bilan bog‘lamoqda.

Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, ayrim xususiy AYOQSHlar benzin yetishmovchiligidan xavotirlanib, qo‘shimcha hajmlarni oldindan xarid qilmoqda. Bu birja savdolarida xaridorlar sonini oshirib, narxlarning ko‘tarilishiga ta’sir qilmoqda.

Shu bilan birga, kompaniya sotuvga chiqarayotgan benzinning boshlang‘ich narxi 2026-yil aprelidan beri o‘zgarmagani va bir tonnasi 14 mln so‘mni tashkil etayotganini bildirdi.

Biroq boshlang‘ich narx savdolar yakunidagi yoqilg‘ining haqiqiy qiymatiga teng emas.

Masalan, 19-noyabr kuni AI-92 K2-L benzinining birja narxi bir tonna uchun 15,25 mln so‘mga yetib, bir kun ichida 2,3%ga oshdi. Taklifning asosiy qismi aynan shu turdagi yoqilg‘iga to‘g‘ri kelgan.

Shu bilan birga, oddiy AI-92 o‘rtacha bir tonnasi 13,03 mln so‘mdan sotilgan, biroq uning savdolardagi hajmi ancha kam bo‘lgan.

Shunday qilib, “O‘zbekneftgaz” tomonidan boshlang‘ich narxning o‘zgartirilmagani yakuniy birja va chakana narxlarning barqaror bo‘lishini o‘z-o‘zidan kafolatlamaydi.

Ishlab chiqarish 1,1 mln tonnagacha yetkazilishi rejalashtirilmoqda

Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, 2026-yil boshidan buyon Buxoro neftni qayta ishlash zavodi 916,1 ming tonna avtomobil benzini ishlab chiqargan. Bu belgilangan rejaning 101%ini tashkil etadi va o‘tgan yilning mos davridagi ko‘rsatkichdan 1% ko‘p.

Noyabr oyida 103,3 ming tonna, dekabrda esa 123,1 ming tonna benzin ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Bir yil avval ushbu oylarda ishlab chiqarish hajmi mos ravishda 87,2 va 90 ming tonnani tashkil etgan.

2026-yil yakunlari bo‘yicha “O‘zbekneftgaz” 1,1 mln tonna benzin ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda. 2025-yilda bu ko‘rsatkich 1,03 mln tonnani tashkil etgan. Shunday qilib, kutilayotgan o‘sish qariyb 7% bo‘ladi.

Benzin importi kamaydi

Yoqilg‘i bozoridagi vaziyatga ta’sir qilayotgan qo‘shimcha omillardan biri xususiy importchilar tomonidan benzin yetkazib berish hajmining kamayishi bo‘ldi.

“O‘zbekneftgaz” ma’lumotlariga ko‘ra, import hajmi iyun oyidan boshlab keskin kamayishni boshlagan. Oktabr oyida xorijdan olib kirish hisobiga ichki bozorga 5,5 ming tonna benzin yetkazilgan.

Ehtimoliy taqchillikning oldini olish uchun kompaniya xorijdan tayyor benzin qo‘shimcha xarid qilish imkoniyatini ham ko‘rib chiqmoqda.

Bunday yetkazib berishlarning aniq hajmi va muddatlari hozircha e’lon qilinmagan.

Shunday qilib, qish mavsumiga tayyorgarlik bir vaqtning o‘zida bir nechta choralarni — zaxiralar to‘plash, ishlab chiqarishni oshirish, birjadagi taklifni kengaytirish va ehtimoliy qo‘shimcha importni nazarda tutmoqda.

Shu bilan birga, bozorni yoqilg‘i bilan amalda ta’minlash va narxlar bilan bog‘liq vaziyat qishki talab, metan zapravkalarining ishlash rejimi hamda qo‘shimcha yoqilg‘i yetkazib berish imkoniyatlariga bog‘liq bo‘ladi.

Toshkentda Gulf yonilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘ini tashkil etish rejalashtirilmoqdaToshkentda Gulf yonilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘ini tashkil etish rejalashtirilmoqda

O‘xshash yangiliklar