Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumaniga Jahongir Jumanov, Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumaniga esa Begmurod Akbarov hokim etib tayinlandi. Har ikkala rahbar bungacha viloyat darajasidagi tashkilotlarda faoliyat yuritgan.
Jahongir Jumanov Oltiariq tumani hokimi lavozimiga tayinlandi. U 1982-yilda Farg‘ona tumanida tug‘ilgan. Farg‘ona politexnika institutining tarmoqlar iqtisodiyoti yo‘nalishi bo‘yicha magistraturasini tamomlagan. Jumanov ko‘p yillar davomida viloyat moliya tizimi va Farg‘ona viloyati hokimligida turli mas’ul lavozimlarda ishlagan.

Jumladan, 2019–2021-yillarda Oltiariq tumani hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari, 2021–2024-yillarda esa Furqat tumani hokimi bo‘lgan. Tayinlovga qadar Farg‘ona viloyati Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgan edi. Shu tariqa Jumanov avval hokimning birinchi o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritgan Oltiariq tumaniga hokim bo‘lib qaytdi.
Begmurod Akbarov esa Mirzaobod tumani hokimi etib tayinlandi. Uning nomzodi viloyat hokimi Doniyor Kadirov ishtirokida o‘tkazilgan xalq deputatlari Mirzaobod tumani kengashining navbatdan tashqari sessiyasida deputatlar tomonidan tasdiqlangan.

Akbarov 1984-yilda tug‘ilgan. 2005-yilda Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutini, 2015-yilda esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasini tamomlagan. Mutaxassisligi — muhandis-texnolog, davlat va jamiyat boshqaruvi. U tayinlovga qadar Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligining Sirdaryo viloyati bo‘yicha loyiha ofisi rahbari lavozimida faoliyat yuritgan. Mirzaobod tumanini 2025-yil 27-fevraldan buyon Abdurahim Umarov boshqarib kelayotgan edi.
G‘ayratjon Hamroyev Nishon tumani hokimi bo‘ldi



