O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23-noyabr kuni davlat tashrifi bilan Iordaniya Hoshimiylar Podshohligiga jo‘nab ketdi.
Tashrif Iordaniya Podshohi Abdulla II ibn al-Husaynning taklifiga binoan amalga oshirilmoqda.
Dasturga muvofiq, Amman shahrida oliy darajadagi muzokaralar o‘tkaziladi. Shuningdek, ikki mamlakat rasmiylari va ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida biznes forumi hamda boshqa qo‘shma tadbirlar bo‘lib o‘tadi.
Muzokaralarda O‘zbekiston – Iordaniya munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqish, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.
Xususan, to‘qimachilik, tog‘-kon va kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi hamda farmatsevtika yo‘nalishlaridagi sheriklikni rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi.
Tomonlar madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish va sayyohlik almashinuvlarini faollashtirish masalalarini ham ko‘rib chiqadi.
Muzokaralar yakunida bir qator hujjatlarni qabul qilish rejalashtirilgan.
Avvalroq Anhor.uz Prezident Shavkat Mirziyoyevning 23–24-noyabr kunlari davlat tashrifi bilan Iordaniyaga borishi haqida xabar qilgandi.




