To‘raqo‘rg‘on tumanida aholiga imtiyozli narxda ajratilgan 8,7 tonnadan ortiq suyultirilgan gaz noqonuniy sotilgani aniqlandi. Bu haqda O‘zenergoinspeksiya matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, “To‘raqo‘rg‘on tumangaz” ta’minoti bo‘limida o‘tkazilgan nazorat tadbiri davomida suyultirilgan gaz chilangari sifatida ishlovchi K.Z.ning shaxsiy mobil telefonida boshqa fuqarolar nomiga rasmiylashtirilgan, maishiy gaz ballonlarini olish uchun mo‘ljallangan 137 ta ID-karta mavjudligi aniqlangan.
Ushbu ID-kartalar orqali aholiga imtiyozli narxlarda ajratilgan umumiy qiymati 100 mln 763 ming so‘mlik 8 740 kg suyultirilgan gaz o‘z egalariga yetib bormagan.
Inspeksiya ma’lumotiga ko‘ra, mazkur gaz boshqa shaxslarga noqonuniy ravishda qayta sotilgan.
Avvalroq Anhor.uz O‘zbekistonning bir qator hududlarida aholi uchun mo‘ljallangan suyultirilgan gazni noqonuniy saqlash va sotish bilan bog‘liq holatlar aniqlangani haqida xabar bergandi.
Suyultirilgan gaz talon-toroj qilinayotgani aniqlandi



