Toshkentda yo‘l harakati xavfsizligini oshirish maqsadida proyeksion piyodalar o‘tish joyi sinov tariqasida o‘rnatildi. Bu haqda Yo‘l harakatini tashkil etish markazi ma’lum qildi.
Markazga ko‘ra, mazkur texnologiya yo‘lga bo‘yoq bilan chizilmaydi, balki yorug‘lik yordamida to‘g‘ridan-to‘g‘ri asfaltga tushiriladi. Shu sababli u yomg‘ir, qor va avtomobil g‘ildiraklari ta’sirida yo‘qolib ketmaydi.
YHTEM ma’lumotiga ko‘ra, proyeksion “zebra” tunda, yomg‘irli va tumanli ob-havoda ham aniq ko‘rinadi. Oddiy yo‘l chiziqlari ho‘l asfalt yoki qorong‘ilikda kamroq sezilishi mumkin bo‘lsa, yorug‘lik bilan tushirilgan o‘tish joyi haydovchilar uchun uzoqroq masofadan ko‘rinadi.
Texnologiyaning yana bir afzalligi — qor yog‘gandan keyin ham piyodalar o‘tish joyining ko‘rinib turishi. Shuningdek, uni muntazam qayta bo‘yash talab etilmaydi.
Markazning ta’kidlashicha, haydovchi o‘tish joyini oldindan ko‘rib, tezlikni o‘z vaqtida kamaytirishi mumkin. Bu esa piyodalar xavfsizligini oshirishga xizmat qiladi.
Bunday birinchi proyeksion piyodalar o‘tish joyi Qumariq ko‘chasida o‘rnatilgan.
Agar texnologiya turli ob-havo sharoitlarida o‘zini yaxshi ko‘rsatsa, bunday yorug‘lik “zebra”larini Toshkentning boshqa tumanlarida ham o‘rnatish rejalashtirilmoqda.
Avvalroq Anhor.uz Toshkentda yo‘l harakati boshqaruvi uchun “raqamli miya” joriy etilishi haqida yozgandi.
Toshkentda yo‘l harakatini boshqarishning aqlli tizimi ishga tushirilmoqda. U real vaqt rejimida transport oqimlarini tahlil qilib, svetoforlar ishini avtomatik boshqaradi. Loyihani Yo‘l harakatini tashkil etish markazi amalga oshirmoqda.




