Umid Mahmudovich Mamadaminov O‘zbekiston Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi direktori lavozimiga tayinlandi. Bu haqdagi qarorni prezident Shavkat Mirziyoyev imzoladi, deb xabar berdi Energetika vazirligi.
Umid Mamadaminov joriy yilning iyun oyidan buyon energetika vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi. Bungacha, 2023-yil avgustidan boshlab energetika vaziri o‘rinbosari bo‘lgan.
U 1983-yilda Samarqand viloyatining Jomboy tumanida tug‘ilgan. 2006-yilda Toshkent davlat texnika universitetining bakalavriatini, 2015-yilda esa AQSHdagi Oregon texnologiya institutini tamomlagan.
Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi — 2023-yil sentabr oyida tashkil etilgan energetika bozori regulyatori hisoblanadi.
Agentlik vazifalari qatoriga elektr energiyasining ulgurji va chakana bozorlarini bosqichma-bosqich shakllantirish, elektr energiyasini uzatish va taqsimlash uchun tariflar hamda to‘lovlar miqdorini tasdiqlash va boshqa yo‘nalishlar kiradi.
2024-yildan buyon agentlik direktori lavozimida Sherzod Xo‘jayev ishlab kelayotgan edi. U iyul oyida energetika vaziri etib tayinlangan.




