25.11.2026, Chorshanba+13.6°CToshkentUSD11 990.54EUR13 136.84RUB146.24
+13.6°CToshkent$11 990.54 25.11.2026

“13 yil deganda tanilganmiz” — “Handalak” ijodkorlari talabalik davri, mashhurlik yillari hamda yangi konserti haqida | Daryo

Shou-biznes 25.11.2026 18:44 0Daryo
“13 yil deganda tanilganmiz” — “Handalak” ijodkorlari talabalik davri, mashhurlik yillari hamda yangi konserti haqida | Daryo

O‘zbek kulgi san’atida o‘z yo’nalishiga ega, bir necha yillardan buyon birgalikda ijod qilmay qo‘ygan “Handalak” kulgi jamoasi qiziqchilari Ortiq Sultonov va Zokir Ochildiyev talabalik yillari, jamoa tashkil topishi, ilk mashhurlik davridagi qiyinchiliklar, ijarama-ijara sarson bo‘lganlari, syomkadagi kulgili voqealar hamda jamoaning 10 yillik tanaffusidan so‘ng o‘tkazayotgan yangi konsert dasturi haqida so‘zlab berdi.

Zokir Ochildiyev: “Talabalik davrida Ortiq bilan to‘rt yil bir xonada yashaganmiz”

— Biz Ortiq bilan institut yillari to‘rt yil bir xonada ro‘parama-ro‘para yashaganmiz. O‘qishni tugatib, Samarqandga qaytganimizdan keyin ham podyezd boshqa bo‘lsa ham, yetti yil bir devor qo‘shni bo‘lib turdik. Keyinchalik Toshkentga kelganimizdan so‘ng ham yosh ijodkorlar uyida birga yashaganmiz. Bu yerga ko‘chib o‘tgan paytlarimiz eng tanilib, rivojlangan davrimiz edi.

Jamoa nomi nima uchun aynan “Handalak” deb nomlangan?

Zokir Ochildiyev: “Yaxshilik ramzi bo‘lgani uchun ‘Handalak’ nomini tanlaganmiz”

— “Handalak”ning birinchi sonlarini Samarqand televideniyesida boshlaganmiz. Ko‘rsatuv nomini tanlashdan oldin Ortiq ham, men ham unga nom topishimiz kerak bo‘ldi. Topgan nomlarimiz orasida “Do‘st bedana”, “Uch tillo”, “Kayfiyat”, “Hazil shou”, “Tirjayma shou” kabi variantlar bor edi. O‘sha paytlarda ruslarning “Banan” degan ko‘rsatuvi bo‘lardi. Shuning uchun mening ham xayolimga “Handalak” degan nom keldi. Keyinchalik shuncha nomlar orasidan “Handalak”ni tanlab oldik. Chunki handalak kirgan xonadoniga shodlik olib kiradi, bolalarni xursand qiladi. Bu nom Ortiqqa ham, televideniye rahbarlariga ham ma’qul kelgan.

Zokir Ochildiyev: “13 yil deganda tanilganmiz”

— Hamma gap niyatga bog‘liq ekan. Talabalik paytimizda, yotoqxonada “hali tanilib ketamiz”, deb gapiraverardik. 1988-yildan to 2000-yilgacha — 13 yil deganda “Handalak” chiqqandan so‘ng shu orzumizga yetishdik.

Avvallari televideniyeda chiqish juda qiyin, hatto bir daqiqalik materialingizning efirga ketishi amrimahol edi. O‘sha paytda ko‘p yaxshi insonlarning qo‘llab-quvvatlovi bilan viloyatdagi loyihamizni poytaxt televideniyesiga olib keldik. O‘sha kezlar ustozimiz, sevimli shoirimiz Abdusaid aka Ko‘chimov katta rahbar edi, “Yoshlar” kanaliga esa ustozimiz Xurshid Davron rahbar bo‘lgan. Shu kabi ustozlarimiz sabab yangi loyihamizni xalqimizga olib chiqa oldik, deydi qiziqchi.

Zokir Ochildiyev: “Bir kunda tanilib qoldik, ammo uyimiz yo‘q edi”

— Ko‘rsatuvimiz efirga ketganidan so‘ng bir kunda tanilib qoldik. U paytlarda Ortiqning Chorsuda quruq meva sotadigan akasining to‘rt-besh kishi yashaydigan kvartirasida biz ham tiqilib, kun ko‘rib yurganmiz. Keyin Madaniyat vazirligiga borib, amallab ijodkorlar uyidan ikkovimiz uchun bir xona oldik. Shunga ham uyli bo‘ldik, deb juda xursand bo‘ldik. Ikki tomonga joy solib, o‘rtaga qog‘ozlarni qo‘yib, bir-birimizga qarab ijod haqida suhbatlashardik, bir nimalarni qog‘ozga qoralardik. Endi uyli bo‘lib, gerdayib yuramiz, desak, bir-ikki odam “shu yerda turasizlarmi, o‘zlaringizning uylaringiz yo‘qmi?”, deyishdi. O‘zi shu joyga ham zo‘rga yetishgan bizga bu gap yoqmadi.

Ortiq Sultonov: “Shifokor bo‘lmasam ham Zokirga ukol qilganman”

“Handalak” jamoasi faoliyatining ilk yillari syomka jarayonlarida yuz bergan kulgili voqealarni eslar ekan, Ortiq Sultonov daraxtdan yiqilib tushgan do‘stiga umrida birinchi marta ukol qilganini aytib berdi.

— Bir kuni “Handalak”ning syomkasida daraxtdan sakrash kerak bo‘ldi. O‘shanda balanddan sakrab Zokirning oyog‘i qayrilib ketdi. Bir amallab uni uyga olib keldik. Shu paytda miyamiz ishlamaganmi, hozirgidek tez yordamga qo‘ng‘iroq qilmaganmiz. Oyog‘ini bosolmayotgan Zokirni ukol qilishni bilishimga, har doim bolalarimga o‘zim ukol qilishimga ishontirdim. U ham ishondi. O‘zi umrimda biron marta ham bu ishni qilmaganman, bilmayman.

Uyimdan og‘riq qoldiruvchi dorini shpritsga tortib, paxtani spirtlab, Zokirning uyiga bordim. Ukolni qilib bo‘lib, birozdan keyin unga telefon qilib,“og‘riqlar qoldimi?”, deb so‘radim. Shunda u “qilgan ukolingning og‘rig‘i oldida oyog‘imning og‘rig‘i bilinmay ketdi”, degandi. Bilsak, o‘shanda uning oyog‘i chiqqan ekan. Keyin soldirib kelganmiz, deydi u.

Nima uchun guruh faoliyatida tanaffus bo‘ldi?

— Ma’lum bir davr davomida “Handalak” ijodining to‘xtaganini ko‘pchilik kamchiligimiz sifatida ko‘radi. Guruh faoliyatining to‘xtashiga sog‘liq bilan bog‘liq holatlar ham sabab bo‘ldi. Havomiz o‘zgargani menga og‘irlik qilgani uchun so‘nggi bir-necha yil ichida Samarqandda ijod qilishimga to‘g‘ri keldi. Qolaversa, bir muddat rahbarlik lavozimida ham ishladim. Bu ham kerak ekan. Komedik yo‘nalishdagi ijodimizdan tashqari davlat boshqaruvi yo‘nalishida ham band bo‘ldik. Bu yo‘nalishga ham aralashib ko‘rganimiz mana bugun ba’zi bir joylarda qo‘l kelyapti. Qolaversa, hammasi Xudodan. Jamoaviy faoliyatimizni to‘xtatib, oradan vaqt o‘tib, yana birgalikda ijodga qaytishimizda ham bir xayr bo‘lsa kerak. Yaratgan hech qachon bir xayr eshigini ochmay turib, birini yopmaydi, deydi qiziqchi Ortiq Sultonov.

Ortiq Sultonov: “Kichik o‘g‘lim Zokirning kichik o‘g‘li bilan qadrdon do‘st”

Kulgi jamoasi 10 yillik ijodiy tanaffusdan so‘ng qayta birlashib, 2026-yilning dekabr oyida “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida yangi konsert dasturini taqdim etishni maqsad qilgan. Qiziqchi Ortiq Sultonovga ko‘ra, bu taklif ularning farzandlaridan chiqqan.

— Konsert o‘tkazish taklifi Zokir ikkimizning kichik o‘g‘illarimizdan chiqdi. Ular tengdosh jo‘ra, ikkisi ham san’at institutini bitirgan. Bolalarimiz san’at, o‘zlarining ertangi kuni haqida o‘tirib suhbatlashib, gapdan gap chiqib, “birinchi ustozimiz — dadalarimizning konsertini tashkillashtirsak, biz ham ularning duolari bilan sahnaga chiqsak yaxshi bo‘lardi”, degan fikrni o‘rtaga tashlagan. So‘ng ikkisi ham bizni bunga ko‘ndirishga kirishdi.

Shunda o‘g‘limga bunga qarshi emasligimni, lekin bu yerda yana bir muhim jihat borligini aytdim. Agar konsertni eplasak, kulgida yangi to‘lqin bo‘ladi, mabodo eplolmasak, muxlislar “‘Handalak’ ham qarib qolibdi, o‘zi yaxshi joyda to‘xtatishgan ekan”, deyishlari mumkin. Ikkinchidan, agar konsert o‘tkazadigan bo‘lsak, ikkalangiz ham sahnaga chiqib bittadan qo‘shiq aytishga majbursizlar, dedim.

Ortiq Sultonov: “Biz ko‘p xalqlarning yumorini tushunamiz, lekin biznikini tushunishlari qiyin”

— Biz ko‘p xalqlarning yumorini tushunamiz. Ammo bizning yumorimizni uncha-munchasi tushunishi qiyin. Chunki latifa-hazillarimizda “kosa tagida nimkosa” bo‘ladi. Buni tushunish uchun o‘zbek tilini bilish kamlik qiladi. Shuning uchun konsertga muxlislar uchun yangi repertuar tayyorlash nozik masala, deydi qiziqchi Ortiq Sultonov.

Ortiq Sultonov: “Ba’zi ijodiy jamoalarda hatto ssenariy ham yozilmas ekan”

— Eshitishim bo‘yicha, ma’lum bir ijodiy jamoalarda hatto ssenariy ham yozilmas ekan. O‘tirishar ekan-da, nima haqda chiqish qilishlarining mavzularini sanab chiqisharkan. Keyin esa vaziyatdan kelib chiqib gaplashib ketaverishar ekan. Bilmayman, ssenariysiz chiqish qanday bo‘larkan. Qaysidir kinorejissyor Zokir ikkovimizni rolga chaqirgan. O‘sha paytda boshqa ishim borligi uchun rejissyor chaqirgan manzilga borolmaganman. Zokir borib, “ssenariyni ko‘ray-chi”, deb so‘rasa, rejissyor “siz ssenariy so‘rayapsizmi?”, deb do‘stimni urishib bergan ekan.

Zokir Ochildiyev: “Hozir yaxshi telefoni bor inson bir telekanalning rahbaridek gap”

YouTube/Skrinshot

— Avvallari internet yo‘q paytda ommaga tanilishning yagona yo‘li ustozning yoniga borish edi. Hozir telefon, internet paydo bo‘lganidan beri yaxshi telefoni bor inson bir telekanalning rahbaridek gap. Bugun qaysidir telekanalda chiqsangiz, sizni butun O‘zbekiston ko‘radi. Telefonda esa sizni butun dunyo ko‘radi. Xuddi o‘zingizni bir kanalning direktoridek his qilasiz. Qo‘limizdagi bu qurilmaning imkoniyatlari shunchalik katta. Unga xohlagan mavzungizda, xohlagan gapingizni qo‘yasiz, senzura yo‘q.

Lekin texnika qanchalik rivojlanmasin, baribir biz insonlarga ustoz kerak. Ustoz jonli, ko‘p holatlarni tajribadan o‘tkazgan, o‘zbekchilikni ham, odamgarchilikni ham biladi. Telefonda odamgarchilik degan tushuncha yo‘q, unda hamma narsa pala-partish. Har xil turdagi mahsulotlar orasidan qaysi biri zaharli, qaysi biri foydali, qaysi biri shifo ekanini ajratish uchun shogirdning aqli yetmaydi, chunki hali uning bu bo‘yicha tajribasi yo‘q. Ustoz esa qaysi narsani qachon qo‘llash, o‘rganish tartibini aytib, ko‘rsatib berib turadi, deydi qiziqchi Zokir Ochildiyev.

O‘xshash yangiliklar