“Teatrda yulduz bo‘laman deb o‘ylamaganman”. Musulmon Yunusov ofitsiantlik qilgan kunlari, ayolining rashki va “Xo‘ja Nasriddin” spektakli haqida | Daryo

Aktyor Musulmon Yunusov so‘nggi vaqtlarda nafaqat kino va seriallardagi rollari, balki teatr sahnasidagi chiqishlari bilan ham tomoshabinlar e’tiborini qozonmoqda. Ayniqsa, uning “Xo‘ja Nasriddin” spektaklidagi roli ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinib, teatrga tomoshabinlarning qaytishi haqidagi bahslarga ham sabab bo‘ldi.
“Daryo” muxbiri bilan suhbatda aktyor “Oltin davrim” serialidan keyin tanilgan davri, aktyorlikka kirib kelishi, teatrning bugungi ahvoli, yosh ijodkorlar, oilasi va daromadi haqida gapirdi.
Musulmon aka, tomoshabinlar sizni faqat sahnada va ekranlarda taniydi. Ijoddan tashqari vaqtda qanday insonsiz?
— Instagram’da qanday bo‘lsam, hayotda ham xuddi shundayman. Hech qanday yasama narsam yo‘q. Albatta, har kimning asabi buziladigan, birdan jahli chiqadigan paytlari bo‘ladi. Lekin hozirgacha menda bunday holat ko‘p kuzatilmagan, ilohim, bo‘lmasin ham.
Farzandlarim va oilamni birinchi o‘ringa qo‘yaman. Bugun “ketmoningiz uchib” turgan bo‘lishi mumkin, ertaga, ehtimol, bunday bo‘lmas. Ketmon uchsa ham, uchmasa ham yoningizda baribir oilangiz bo‘ladi. Shuning uchun qanday vaziyat bo‘lishidan qat’iy nazar, oilani tanlash kerak, deb bilaman.
Dastlab rejissyorlikka yo‘naltirilgan ekansiz, keyinchalik qanday qilib aktyorlikka qiziqib qolgansiz?

Skrinshot
— Avval madaniyat kollejida aktyorlik yo‘nalishida o‘qiganman. Keyin san’at oliygohiga aktyorlik yo‘nalishiga hujjat topshirganimda, ustozlarimdan biri “Senda rejissyorlik uchquni bor, hujjatlaringni rejissyorlikka topshirgin”, degan. Lekin men “Yo‘q, aktyor bo‘laman”, deb turib olganman.
Bir yil aktyorlikka topshirib, o‘qishga kira olmaganman. Shunda viloyatga qaytib ketmasdan, kafeda ofitsiant bo‘lib ishlaganman. O‘qishga kirolmagan kursdoshlarim bilan birga yurganman. Imtihonlarga tayyorgarlik ko‘rib, darslarga qatnashib yurgan paytlarim ham bo‘lgan. Domlalar ham meni ko‘rib yurishardi. Keyingi yil rejissyorlikka topshirganimda ustozlarim yordam berib, o‘qishga kirishimga ko‘maklashgan.
Ulug‘bek ustoz bizga rejissyorlikdan dars bergan. Rashid Ustanov degan ustozimiz esa doim “vaqt, sabr bilan hammasiga erishsa bo‘ladi”, derdi. Ustozlardan juda ko‘p narsa o‘rganganman.
“Oltin davrim” seriali sizni tomoshabinlarga tanitgan loyihalardan biri bo‘lgan. Mashhurlikka erishgan davringizni qanday eslaysiz?
— “Oltin davrim”da hali tajribasiz edik. Ko‘p narsa ustozimiz Faxriddin Shamsimatovning mehnati bilan bo‘lgan. Biz faqat rollarimizni ijro etardik, o‘sha jarayonda oz-ozdan o‘rganib bordik.
O‘shanda Tohir Saidov va Muqaddas Xoliqovalar: “Ertaga serial efirda ketadi. Uxlab turib, ko‘zingni ochsang, zvezda bo‘lasan”, deb hazillashardi. Biz ham uxladik, ertalab ko‘chaga chiqdik, lekin hech kim tanimayapti. (Kuladi)
Biroq bir haftadan keyin uyimiz oldida bolalar, qizlar rasmga tushish va dastxat olish uchun kela boshlashdi. O‘sha paytda endigina uylangan edim, Instagram ham hozirgidek ommalashmagan edi. Odamlar tanib qolmasin deb, hatto metroda ham yurmasdim. Haqiqiy yulduzlikni menga his qildirgan davr aynan o‘sha paytlar bo‘lgan.
“Xo‘ja Nasriddin” spektaklidagi rolingiz ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarida katta qiziqish uyg‘otdi. Teatr sahnasida bunday natijaga erishishingizni kutganmidingiz?
— Teatrga “zvezda” bo‘laman, deb hech qachon kelmaganman. Ko‘pchilik aktyorlar teatrga ishlash uchun keladi. Lekin bitta spektakl bilan bunday natijaga erishishimizni oldindan kutmagandim.
Samarqandga borganimizda, birinchi kuni zal yarmigacha to‘lgan edi. Keyingi kunlari esa anshlag bo‘lib ketdi. Madaniyat vaziri Ozodbek Ahmadovich ham teatr va ijtimoiy tarmoqlar haqida gapirganida, bu fikrlarning naqadar to‘g‘ri ekanini o‘zimiz ham ko‘rdik. Hozir odamlar spektaklni internetda ko‘rib, o‘zlari kelib chipta sotib olyapti. Dekabr oyi uchun ham deyarli joy qolmadi.
Spektakldan keyin tanqidlar yoki salbiy munosabatlarga duch keldingizmi?
— Yo‘q, bitta ham tanqid yoki salbiy fikr bo‘lmadi. Ayrim bloger va jurnalistlar spektaklni hali ko‘rmasdan turib, oldindan fikr bildirgan paytlari bo‘lgan. Lekin kelib tomosha qilganidan keyin fikrini o‘zgartirganlar ham ko‘p.
Bir safar sahnaga chiqqanimda, oldingi qatorlarda o‘tirgan ayrim tomoshabinlar boshqa narsa kutib kelganini sezdim. Ammo spektaklni ko‘rgach, fikrlari o‘zgardi. Menimcha, fikr bildirishdan oldin bir kelib, o‘z ko‘zi bilan ko‘rish kerak.
Bugun “teatr muxlislari kamaygan” degan fikrlar ko‘p yangraydi. Siz bunga qanday qaraysiz?

— Bu gaplar qisman to‘g‘ri edi. Lekin “Xo‘ja Nasriddin” spektaklida odamlarning o‘zlari kassaga kelib, chipta olayotganini ko‘ryapmiz. Demak, gap ijodiy jamoada — rejissyor, aktyor va aktrisalarda. Yaxshi asar yaratilsa, tomoshabin albatta keladi.
Mana, siz ham yaxshi loyiha bo‘lgani uchun kameralar olib, vaqt ajratib, intervyu olyapsiz. Teatr ham o‘lmagan, kino ham o‘lmagan, yashayapti. Faqat har birining o‘z darajasi va mehnati bor.
Tanlash imkoniyati berilsa, teatrni tanlaysizmi yoki kinoni?
— Teatrni tanlayman. Chunki teatrda jarayon jonli kechadi. Kino va ijtimoiy tarmoqlarda tanilish oson, ko‘proq daromad topish mumkin. Teatrimizda esa hozir toifalar oshishi, oylik va shtat o‘zgarishlari kutilmoqda. Aktyor mehnati uning daromadiga munosib baholanishi uchun harakat qilish kerak.
Bir kunda ham spektakl, ham suratga olish, ham reklama, ham boshlovchilik ishlariga ulguramiz. Bu bizning hayot tarzimizga aylanib qolgan.
Shunday tig‘iz ish jadvalida oilangizga qanday vaqt ajratasiz?

— Albatta, vaqt ajrataman. Oilamga vaqt ajratadigan kunim qancha pul taklif qilishmasin, ishga bormayman. Chunki bolalar hammasini ko‘rib turadi. Ularda “Dadajonim pul deb doim ketaverar ekan”, degan fikr qolishini istamayman.
To‘satdan aytilgan, birovning o‘rniga chaqiriladigan suratga olish ishlariga ham har doim ham boravermayman.
Bugungi yosh aktyorlarning ijodini qanday baholaysiz? Ularda nimadir yetishmayotgandek tuyulmaydimi?
— Yoshlarga omad bersin. Lekin ularda tezroq yulduz bo‘lishga shoshilish bor. Har narsaning o‘z vaqti bo‘ladi. Kuniga 30–35 ta epizod olinadigan suratga olish maydonlarida ham zamon talabiga moslashib ishlash kerak. Lekin baribir tajriba, vaqt va sabr muhim.
Instabloger Shahlo bilan aka-singil obrazidagi videolaringiz ham muxlislar orasida mashhur. Bu g‘oya qanday paydo bo‘lgan?

— Shahlo bilan vaynlarimiz birga o‘tirib, nimadir suratga olaylik, deganimizdan boshlangan. Avval aka-singil g‘oyasi tug‘ildi. Uyimdagi liftni o‘yinchoqlarga to‘ldirib olganimiz aks etgan videomiz ham yaxshi chiqqan edi.
Hayotda ham Shahlo va uning oilasi bilan juda yaqinmiz. Haqiqatan ham aka-singildek bo‘lib qolganmiz.
Bunday videolaringizga turmush o‘rtog‘ingiz qanday munosabat bildiradi? Rashk qilgan paytlari ham bo‘ladimi?

— Ayol kishi baribir rashk qiladi. Lekin men suratga olish ishlariga shaxsiy munosabat uchun emas, ishlash, pul topish, bolalarim va oilamni ta’minlash uchun boraman. Ayolim buni tushunadi.
Avvallari onam bilan ko‘proq maslahatlashardim, hozir ayolim bilan ham fikrlashaman. To‘g‘ri qaror qilsak, ikkimizga ham foyda, noto‘g‘ri bo‘lsa, ikkimizga ham zarar.
Bugungi hayotingizdan rozimisiz, o‘zingizni baxtli inson deb hisoblaysizmi?
— Alhamdulillah, baxtliman. Ota-onam, farzandlarim, ayolim bor. Uyim, mashinam, yaxshi ko‘radigan kasbim bor, ozmi-ko‘pmi pul topyapman. Hayotda turli sinovlar ham bo‘ladi. Lekin siqilib o‘tirish bilan ish bitmaydi. O‘rnimizdan turib, harakat qilishimiz kerak, deydi aktyor.
Aktyor bilan bo‘lgan suhbatni to‘liq holda Daryo Lifestyle YouTube kanalida tomosha qilingiz mumkin.



