Bolaligida shifokor bo‘lishni orzu qilgan, 9 yoshida kinoga kirib kelgan dunyodagi eng kassabop aktrisa — Skarlett Yoxansson 42 yoshda | Daryo

Egizak ukasi bor nyu yorklik qiz

Skarlett va uning ukasi Xanter 1984-yili Shukronalik kunida tug‘ilgan egizaklardir. Xanter opasi Skarlettdan deyarli 30 sm baland va u hech qachon kinoda suratga tushishga qiziqmagan. U ijtimoiy loyihalar hamda siyosat bilan shug‘ullanadi: Barak Obamaning prezidentlik kampaniyasida qatnashgan, Nyu York meriyasida yordamchi bo‘lib ishlagan va kam ta’minlanganlarga ko‘maklashish dasturlariga rahbarlik qilgan.
U dunyodagi eng kassabop aktrisa
Box Office Mojo ma’lumotlariga ko‘ra, Yoxansson suratga tushgan filmlarning jahon miqyosidagi umumiy daromadi 14 milliard dollardan oshadi — bu tarixdagi boshqa har qanday aktrisanikidan ko‘proq. Uning Marvel kino olamiga qo‘shgan hissasi ushbu ko‘rsatkichga ta’sir qilgan asosiy omil bo‘lsa-da, kassabop filmlar ro‘yxati faqatgina u gavdalantirgan superqahramonlar bilan cheklanib qolmaydi. “Lyusi”, “Prestij”, “Changalzorlar kitobi” — bularning barchasi uning mavqeyini mustahkamlagan yirik loyihalardir.



