26.11.2026, Payshanba+13.1°CToshkentUSD11 987.89EUR13 114.75RUB145.41
+13.1°CToshkent$11 987.89 26.11.2026

Chirchiqda fuqarolarni buyurtma asosida “samosud” qilib kelgan guruh ushlandi | Daryo

O'zbekiston 26.11.2026 19:10 0Daryo
Chirchiqda fuqarolarni buyurtma asosida “samosud” qilib kelgan guruh ushlandi | Daryo

Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida fuqarolarni buyurtma asosida o‘zboshimchalik bilan jazolab, ularga nisbatan zo‘ravonlik sodir etib kelganlikda gumonlanayotgan uyushgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi.

Tezkor tadbir DXXning Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda viloyat IIBB hamkorligida “Xavfsiz va sog‘lom yurt” profilaktik tadbirlarining uchinchi bosqichi doirasida o‘tkazilgan.

Aniqlanishicha, guruhga 2004-yilda tug‘ilgan, muqaddam o‘g‘rilik jinoyati uchun sudlangan, taekvondo bilan shug‘ullangan va “O‘g‘ri” laqabi bilan tanilgan shaxs rahbarlik qilgan.

Tezkor tadbir davomida guruh rahbari hamda uning “Bo‘ri”, “Saman”, “Abu”, “Tosh” va “Baklan” laqablari bilan tanilgan besh nafar sherigi qo‘lga olingan. Ularning ayrimlari muqaddam ham turli jinoyatlar uchun sudlangan.

Qo‘lga olish jarayonida guruh rahbarining yonidan 1,8 gramm gashish giyohvandlik vositasi aniqlangan. Shuningdek, gumonlanuvchilarning telefonlaridan fuqarolarga nisbatan zo‘ravonlik ishlatish va ularni o‘zboshimchalik bilan jazolash holatlari aks etgan videolar topilgan.

Mazkur holat yuzasidan guruh a’zolariga nisbatan Jinoyat kodeksining 112 va 277-moddalari, guruh rahbariga esa qo‘shimcha ravishda 276-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Barcha gumonlanuvchilarga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

31-may kuni Namangan shahrida bir guruh erkaklar qarz sabab 21 yoshli yigitni “samosud” qilgani haqida xabar berilgandi. IIB ma’lumotiga ko‘ra, yigitga yengil tan jarohati yetkazilgan, to‘rt nafar gumonlanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 277-moddasi (bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

O‘xshash yangiliklar