Toshkentda uyiga mulk huquqi bekor qilingan ayolning shikoyati qayta ko‘rib chiqiladigan bo‘ldi | Daryo

Toshkent shahar sudlari ma’lumotiga ko‘ra, fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tumanlararo sudining 2025-yil 8-maydagi hal qiluv qarori bilan “Growth lever” MCHJning sakkiz nafar fuqaroga nisbatan mulk huquqini bekor qilishga oid da’vo talablari qanoatlantirilgan. Alla Yun ushbu javobgarlardan biri hisoblanadi.
Uning ishonchli vakili tomonidan sud qarori ustidan berilgan kassatsiya shikoyatini ish yurituvga qabul qilish haqidagi iltimosnoma 2026-yil 9-oktyabrda rad etilgan. Biroq mazkur ajrim 13-noyabr kuni Toshkent shahar sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati taftish instansiyasida bekor qilingan.
Natijada kassatsiya shikoyatini berish muddati uzrli deb topilib, shikoyat ish yurituvga qabul qilingan va mazmunan ko‘rib chiqish uchun kassatsiya instansiyasiga yuborilgan.
Sud majlisi 2026-yil 15-dekabr kuniga tayinlangan. Ayni paytda quyi sud hujjatlari ijrosini to‘xtatish masalasi ham protsessual tartibda ko‘rib chiqilmoqda.
Avgust oyida Surxondaryo viloyatining Denov tumanida uyi buzilgan oila bilan bog‘liq holat jamoatchilik e’tiboriga tushgandi. Voqeadan so‘ng masala viloyat hokimi tomonidan shaxsan nazoratga olinib, oilaga yangi uy qurib berilishi ma’lum qilingandi.



