26.11.2026, Payshanba+13.1°CToshkentUSD11 987.89EUR13 114.75RUB145.41
+13.1°CToshkent$11 987.89 26.11.2026

O‘zbekistonda gripp va O‘RVI bo‘yicha epidemiologik vaziyat barqaror ekani ma’lum qilindi | Daryo

O'zbekiston 26.11.2026 19:35 0Daryo
O‘zbekistonda gripp va O‘RVI bo‘yicha epidemiologik vaziyat barqaror ekani ma’lum qilindi | Daryo

O‘zbekistonda mavsumiy yuqumli infeksiyalar tarqalishi bilan bog‘liq epidemiologik vaziyat barqaror. Tahlillar O‘RVI bilan kasallanish darajasi epidemik bo‘sag‘adan 38,4 foiz past ekanini ko‘rsatmoqda. Bu haqda SSV Sanepidqo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Atabekovga tayanib xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, mamlakatda 40 ga yaqin yuqumli kasalliklar shifoxonasi va 165 ta tuman tibbiyot birlashmasida yuqumli kasalliklar bo‘limlari faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, 15 ta virusologiya laboratoriyasida infeksiya qo‘zg‘atuvchilarini aniqlash bo‘yicha tekshiruvlar o‘tkazilmoqda.

Gripp bilan kasallanish bo‘yicha xavf guruhiga 6 yoshgacha bo‘lgan bolalar, keksalar va homilador ayollar kiradi. Kasallikning yashirin davri odatda 1–4 kunni tashkil etadi.

Grippning asosiy belgilari quyidagilardan iborat:

  • tana haroratining to‘satdan ko‘tarilishi;

  • yo‘tal va tomoq og‘rig‘i;

  • bosh, mushak va bo‘g‘imlarda og‘riq;

  • umumiy holsizlik.

Ayrim hollarda gripp zotiljam, sinusit, otit kabi asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin.

Hozirda mamlakatdagi 1 721 ta tez tibbiy yordam shoxobchasida 2 932 ta brigada aholiga xizmat ko‘rsatmoqda. Birlamchi tibbiyot muassasalarida chaqiruv asosida xonadonlarga borib, bemorlarga yordam ko‘rsatuvchi brigadalar faoliyati ham yo‘lga qo‘yilgan.

Fuqarolarga shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish, grippga qarshi emlanish, xonalarni tez-tez shamollatish, kasal bo‘lganda jamoat joylariga bormaslik va odamlar bilan muloqotni cheklash tavsiya etildi. Bemorlar va ularni parvarishlayotgan shaxslar tibbiy niqob taqishi lozimligi ta’kidlandi. Kasallik belgilari kuzatilganda o‘zboshimchalik bilan davolanmasdan, o‘z vaqtida oilaviy shifokorga murojaat qilish so‘raldi.

24-noyabr kuni Sanepidqo‘mita O‘zbekistonda enterovirusli infeksiyalar, jumladan, Koksaki virusi bilan bog‘liq epidemiologik vaziyat barqaror va nazorat ostida ekanini ma’lum qilgandi.

O‘xshash yangiliklar