Daniya maktablarida mobil telefonlardan foydalanish taqiqlanadi | Daryo

Daniya hukumati maktablarda mobil telefonlar va internetga ulanadigan boshqa shaxsiy elektron qurilmalardan foydalanishni taqiqlash bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda mamlakat Ta’lim vazirligi xabar berdi.
Hukumat bu borada “Qizil-yashil alyans” va “Alternativa” partiyalari bilan kelishib olgan. Yangi tartibni 2027/2028-o‘quv yilidan joriy etish rejalashtirilgan.
Taqiq davlat va xususiy maktablar, xalqaro maktablar, maktab-internatlar hamda bolalar va o‘smirlar uchun maktabdan tashqari ta’lim muassasalariga tegishli bo‘ladi. O‘quvchilar telefonlardan dars vaqtida ham, tanaffuslarda ham foydalana olmaydi.
Har bir maktab taqiqni qanday amalga oshirishni o‘zi belgilaydi. Masalan, o‘quvchilarning telefonlari darslar boshlanishidan oldin yig‘ib olinishi yoki kun davomida o‘chirilgan holda sumkada saqlanishi mumkin.
Bundan tashqari, maktablardagi internet tarmoqlarida ayrim saytlarga kirish cheklanadi. Jumladan, ijtimoiy tarmoqlar, o‘yin va onlayn savdo saytlarini bloklash rejalashtirilgan. Qaysi saytlar taqiqlanishini mahalliy hokimiyatlar va maktablarning o‘zi belgilaydi.
Ayrim o‘quvchilar uchun istisnolar bo‘ladi
Sog‘lig‘i yoki rivojlanishidagi o‘ziga xos jihatlar sabab elektron qurilmalarga muhtoj bolalar ulardan foydalanishi mumkin. Masalan, diabetga chalingan o‘quvchilar qondagi qand miqdorini kuzatish uchun telefon ishlata oladi. Ko‘rishida muammosi yoki o‘qishda qiyinchiligi bo‘lgan bolalarga ham maxsus ilovalardan foydalanishga ruxsat beriladi.
Noutbuk va planshetlardan esa faqat dars vaqtida foydalanish mumkin bo‘ladi.
Qonun loyihasini parlamentning navbatdagi sessiyasida ko‘rib chiqish rejalashtirilgan. Maktablar va mahalliy hokimiyatlarga internetdagi cheklovlarni joriy etish uchun 2027-yil oxirigacha vaqt beriladi.
2025-yil oktyabrda Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ayrim ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini taqiqlashni taklif qilgandi. U telefonlar va ijtimoiy tarmoqlar bolalarning “bolaligini o‘g‘irlayotganini” aytgan. Bosh vazir keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, Daniyada bolalarning 94 foizi 13 yoshga to‘lmasdan ijtimoiy tarmoqlarda o‘z sahifasini ochgan.



