Xiaomi ilk bor elektromobillarini Xitoydan tashqarida sotishni boshladi | Daryo

Xitoyning Xiaomi kompaniyasi ilk bor o‘z elektromobillarini mamlakat tashqarisida sotishni boshladi. Kompaniya xalqaro bozorga chiqish uchun birinchi davlat sifatida Birlashgan Arab Amirliklarini (BAA) tanladi. Bu haqda Interesting Engineering xabar berdi.
Xiaomi avtomobillari BAAda mahalliy Gargash Prime Automotive kompaniyasi orqali sotiladi. Dastlabki mashinalar 2026-yil dekabrda xaridorlarga yetkazib berilishi rejalashtirilgan.
BAA bozorida uchta turdagi avtomobil taqdim etiladi: SU7 elektr sedani, YU7 krossoveri va bir quvvatlanganda nisbatan uzoqroq masofani bosib o‘tishga mo‘ljallangan Skynomad krossoveri. Xaridorlarga rang va jihozlanishi bo‘yicha jami 13 xil variant taklif qilinadi.
Avvalroq Xiaomi rahbari Ley Szyun kompaniya 2027-yilda Yevropa va boshqa G‘arb avtomobil bozorlariga chiqishni rejalashtirayotganini aytgandi. Biroq kompaniya elektromobillarini eksport qilishni BAAdan boshladi.

Foto: Xiaomi
SU7 Ultra — Xiaomi ishlab chiqargan eng kuchli elektromobillardan biri
Mashina uchta elektr dvigateliga ega bo‘lib, ularning umumiy quvvati 1548 ot kuchini tashkil etadi. Avtomobil soatiga 100 kilometr tezlikka ikki soniyadan kamroq vaqtda chiqa oladi. Uning eng yuqori tezligi 349 km/soatga yetishi aytilmoqda.
SU7 Ultra yuqori tezlikda harakatlanishga moslashtirilgan. Avtomobil kuchli tormozlar va yuqori tezlikda barqaror harakatlanishiga yordam beradigan maxsus qismlar bilan jihozlangan. U Germaniyadagi mashhur Nyurburgring poyga trassasida sinovdan o‘tkazishga mo‘ljallab ishlab chiqilgan.

Foto: Xiaomi
Xiaomi ushbu model orqali qimmatbaho sport avtomobillari bozorida taniqli brendlar bilan raqobatlashmoqchi.
SU7 Standard va Ultra, YU7 Standard hamda Skynomad N70 Pro modellari 2026-yil dekabrdan, qolgan variantlar esa 2027-yil fevraldan xaridorlarga yetkazib berila boshlaydi.
Xiaomi Saudiya Arabistoni va Kuvayt kabi boshqa Fors ko‘rfazi davlatlarida avtomobil savdosini qachon boshlashini hozircha ma’lum qilmagan. Mutaxassislarning fikricha, BAA bozoriga chiqish Xiaomi uchun muhim sinov bo‘ladi. Kompaniya shu orqali xorijda avtomobil sotish tizimini sinab ko‘radi va keyinchalik Yevropa bozoriga chiqishga tayyorlanadi.



