Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar tayyorladi. Asosiy cheklovlar | Daryo

Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen Rossiyaga qarshi 22-sanksiyalar paketi loyihasini taqdim etdi, deb yozmoqda The Insider nashri.
Yangi paketda Rossiya harbiylariga viza berishni taqiqlash, rossiyalik sportchilarning Yevropadagi musobaqalarda ishtirokini cheklash va Yevropa Ittifoqi fuqarolarining Rossiya kompaniyalarida rahbarlik lavozimlarini egallashiga yo‘l qo‘ymaslik taklif etilgan.
Yangi sanksiyalar quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
Urush harakatlarida qatnashgan harbiylarga viza berishni taqiqlash;
Yevropa Ittifoqi fuqarolarining Rossiya kompaniyalarida rahbarlik lavozimlarida ishlashini taqiqlash;
Rossiyalik sportchilar va jamoalarning Yevropa Ittifoqi hududidagi musobaqalarda Rossiya bayrog‘i ostida qatnashishini taqiqlash;
Rossiyaning rasmiy ramzlarini namoyish etishni taqiqlash;
Rossiya fuqarolarining Yevropa sport federatsiyalari rahbariyatida ishlashini cheklash;
Rossiyaning yana 60 ta bankini xalqaro SWIFT to‘lov tizimidan uzish;
Rossiyaning “soya floti”ga kiruvchi yana 70 ta kemaga sanksiyalar joriy etish;
Yevropa kompaniyalarining Rossiyadagi energetika obyektlarini qurish, ulardan foydalanish va ta’mirlashda ishtirok etishini taqiqlash.
Urush qatnashchilariga viza berish taqiqi aynan kimlarga tegishli bo‘lishi hozircha batafsil tushuntirilmagan. Rasmiy bayonotda ular “jangchilar” deb atalgan. Biroq cheklovlar, avvalo, Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushida qatnashgan harbiylarga qaratilishi kutilmoqda.
Avvalroq Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat bo‘yicha rahbari Kaya Kallas ham aynan shu harbiylarga nisbatan cheklovlar joriy etish mumkinligini aytgan. Uning aytishicha, Ukrainadagi urushda qatnashgan rossiyalik harbiylarni aniqlash oson bo‘ladi. Bu ma’lumotlardan ularga viza berishni cheklashda foydalanish mumkin.
Bunga javoban Rossiya Davlat dumasi Kallasni harbiylarning shaxsiy ma’lumotlarini “o‘g‘irlamoqchi” bo‘layotganlikda aybladi va uni qamash bilan tahdid qildi.
Rossiyalik sportchilarga nisbatan viza cheklovlari kiritilishi mumkinligi haqida ham avval xabar berilgandi. Yevropa Ittifoqining ayrim davlatlari sportchilarga qarshi alohida sanksiyalarni allaqachon joriy etgan.
Bundan tashqari, YI mamlakatlari tashqi ishlar vazirlari Rossiya fuqarolariga viza berish talablarini kuchaytirishga chaqirgan. Xususan, Daniya o‘tgan hafta Rossiya fuqarolariga turistik vizalar berishni butunlay to‘xtatish va biometrik chipi bo‘lmagan Rossiya pasportlarini Shengen hududida tan olmaslikni taklif qilgan.



