Farg‘onada 2027-yilda 1,1 mln kishining daromadini ikki barobar oshirish rejalashtirilmoqda | Daryo

Shavkat Mirziyoyev Fargʻona viloyatida islohotlar natijadorligini oshirish, mahalliy sanoatni jadal rivojlantirish va aholi daromadlarini koʻpaytirish yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi.
Yig‘ilishda aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish borasida erishilgan natijalar tahlil qilindi. Joriy yil yakuniga qadar viloyatda ishsizlik darajasi 3 foizga, kambag‘allik darajasi 2,7 foizga tushishi kutilmoqda.
Prezident endilikda aholi daromadlarini oshirish hudud rahbarlari faoliyatini baholashning asosiy mezonlaridan biri bo‘lishini ta’kidladi.
2027-yilda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar hisobiga viloyatda 1,1 mln nafar aholining daromadini ikki barobar oshirish maqsad qilingan. Buning uchun har yili viloyatning bittadan tuman yoki shahrida 10 tadan mahallani sanoat, savdo va xizmat ko‘rsatishga chuqur ixtisoslashtirish ko‘zda tutilmoqda.
Yig‘ilishda qishloq xo‘jaligida yuqori qo‘shilgan qiymat yaratish, xususan, bog‘dorchilikni sanoatlashtirish va eksportbop mahsulotlar yetishtirishga alohida e’tibor qaratildi.
Farg‘ona viloyati meva-sabzavotchilikda yetakchi hududlardan biri bo‘lsa-da, bog‘larning katta qismi eski usulda parvarishlanayotgani, hosildorlik pastligi va suv sarfi yuqoriligi ko‘rsatib o‘tildi. Yetishtirilayotgan mahsulotlarning sifat ko‘rsatkichlari ham yirik xalqaro savdo tarmoqlari talablariga to‘liq javob bermayotgani qayd etildi.
Shu bois mutasaddilarga Farg‘ona, Quva va Oltiariq tumanlaridagi agrostar kompaniyalari bilan hamkorlikda jami 37 ming gektar maydonda sanoatlashgan intensiv bog‘lar barpo etish vazifasi qo‘yildi.
Qolaversa, viloyatda 100 ming bosh qoramol boqishga mo‘ljallangan yirik loyihalarni amalga oshirish, Bag‘dod va Furqat tumanlarini chorvachilikka ixtisoslashtirish hamda Turkiya tajribasi asosida aholi xonadonlarida parrandachilikni rivojlantirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Yozyovon, Beshariq, Furqat va Rishton tumanlarining kamida 10 tadan mahallasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, saqlash, qayta ishlash va qadoqlash bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Oltiariq va Farg‘ona tumanlaridagi 41 ta mahallada jami 8,5 ming gektar maydonda o‘rikchilik va uzumchilik kooperatsiyalarini tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Marg‘ilon va Farg‘ona shaharlari hamda Uchko‘prik tumanidagi to‘rtta texnikumda chet elda ishlash istagidagi fuqarolarni Germaniya va Janubiy Koreya standartlari asosida kasbga tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yish taklif etildi. Bu orqali yiliga 6 ming nafar fuqaroni xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun tayyorlash ko‘zda tutilmoqda.
Bugungi kunda Farg‘ona viloyati aholisi 4,2 mln nafardan oshgan. Aholi sonining muttasil o‘sib borayotgani uy-joylar, muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmani mutanosib ravishda rivojlantirishni taqozo etmoqda.
Shu bois Marg‘ilon va Farg‘ona shaharlarida 600 ming nafar aholiga mo‘ljallangan yirik shaharsozlik loyihalarini amalga oshirish, ushbu hududlarda yashash va tadbirkorlik bilan shug‘ullanish uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha rejalar taqdim etildi.
Yig‘ilish yakunida prezident viloyat hokimligi va islohotlar shtabiga mavjud imkoniyatlarni to‘liq ishga solish, rejalashtirilgan loyihalarni o‘z vaqtida amalga oshirish, aniq iqtisodiy natijalarga erishish hamda aholi muammolarini manzilli hal etish bo‘yicha topshiriqlar berdi.



