27.11.2026, Juma+8.6°CToshkentUSD11 987.89EUR13 114.75RUB145.41
+8.6°CToshkent$11 987.89 27.11.2026

Germaniyada o‘zbekistonliklar uchun bepul qurilish kasbiy ta’limi dasturiga qabul boshlandi | Daryo

O'zbekiston 26.11.2026 23:00 0Daryo
Germaniyada o‘zbekistonliklar uchun bepul qurilish kasbiy ta’limi dasturiga qabul boshlandi | Daryo

O‘zbekiston Migratsiya agentligi va Germaniya Federal bandlik agentligi hamkorligida o‘qish va amaliy ishni birlashtirgan Ausbildung kasbiy ta’lim dasturiga qabul boshlandi.

Ta’lim 2027-yil kuzida boshlanadi. Dastur doirasida 16 nafar nomzod quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha saralab olinadi:

  • yo‘l qurilishi — 2 yil;

  • kanalizatsiya tarmoqlari qurilishi — 2 yil;

  • quvur tarmoqlari qurilishi — 2 yil;

  • chuqur poydevor qurilishi — 3 yil.

Nomzodlarga quyidagi talablar qo‘yilgan:

  • 18–25 yosh oralig‘ida bo‘lish;

  • nemis tilidan B1 darajasidagi sertifikatga ega bo‘lish (2026-yil fevralidan oldin berilmagan bo‘lishi kerak);

  • maktab attestati yoki kasbiy ta’lim diplomiga ega bo‘lish;

  • ariza topshirish vaqtida boshqa loyihada ishtirok etmayotgan bo‘lish.

Qurilish sohasidagi ish tajribasi saralashda ustunlik beradi. Dasturning birinchi yilida oylik stipendiya 885 yevroni (soliqlar chegirilgandan keyin) tashkil etadi. Keyingi yillarda stipendiya miqdori tarifga muvofiq oshib boradi. Ta’lim va amaliy ish haftasiga 40 soat davom etadi.

Dastur ishtirokchilari uchun kasbiy ta’lim bepul. Aviachipta, viza va tibbiy sug‘urta xarajatlari qoplanadi, viza rasmiylashtirishda ko‘mak beriladi, aeroportdan turar joygacha transfer tashkil etiladi. Shuningdek, taxminan 250 yevrolik imtiyozli turar joy, bepul oylik transport chiptasi hamda birinchi yil davomida dushanbadan jumagacha kuniga uch mahal bepul ovqat taqdim etiladi.

Dasturni muvaffaqiyatli yakunlaganlar Germaniyada kamida 2 400 yevro sof oylik maosh bilan doimiy ishlash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Arizalar 2026-yil 30-noyabrgacha qabul qilinadi. Talablarga javob beradigan nomzodlar bilan aloqa markazi xodimlari bog‘lanadi. Qo‘shimcha ma’lumotlarni 1282 qisqa raqami orqali olish mumkin.

23-noyabr kuni Migratsiya agentligi Globogate dasturi doirasida 800 nafar o‘zbekistonlik hamshirani Germaniya klinikalariga ishga yuborishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi. Ularga kasbiy malakasi tan olingach, 2 500 yevro miqdorida oylik maosh to‘lanishi ko‘zda tutilgan.

O‘xshash yangiliklar