27.11.2026, Juma+8.7°CToshkentUSD11 987.89EUR13 114.75RUB145.41
+8.7°CToshkent$11 987.89 27.11.2026

Farg‘onada kamida 20 mlrd dollarlik investitsiya loyihalari portfeli shakllantirildi | Daryo

O'zbekiston 26.11.2026 22:21 0Daryo
Farg‘onada kamida 20 mlrd dollarlik investitsiya loyihalari portfeli shakllantirildi | Daryo

Shavkat Mirziyoyev Fargʻona viloyatida islohotlar natijadorligini oshirish, mahalliy sanoatni jadal rivojlantirish va aholi daromadlarini koʻpaytirish yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi.

2026-yil yakuniga ko‘ra viloyatda yalpi hududiy mahsulot hajmi 9,6 foizga, sanoat 8,5 foizga, xizmatlar hajmi 16,3 foizga o‘sishi kutilmoqda.

Image

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident viloyat iqtisodiyotining turli tarmoqlarida hali ishga solinmagan katta imkoniyatlar mavjudligini, ularni ro‘yobga chiqarish orqali aholi daromadlari va turmush darajasini sezilarli oshirish mumkinligini ta’kidladi.

So‘nggi kunlarda xorijlik investorlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda energetika, qurilish materiallari sanoati, elektrotexnika va farmatsevtika sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha qator kelishuvlarga erishilgani qayd etildi. Farg‘ona viloyatida ushbu tarmoqlarni rivojlantirish bo‘yicha umumiy qiymati kamida 20 mlrd dollarlik investitsiya loyihalari portfeli shakllantirilgan.

Viloyat sanoatini rivojlantirishning yangi modeliga o‘tish bo‘yicha takliflar bildirildi. Bunda istiqbolda talab yuqori bo‘ladigan mahsulotlar ishlab chiqarishni o‘zlashtirish, yirik sanoat korxonalari atrofida tarmoqlararo kooperatsiyani kengaytirish, ilg‘or texnologiyalar va zamonaviy boshqaruv usullarini joriy etish orqali korxonalar samaradorligini oshirish nazarda tutilmoqda.

Image

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston, Beshariq va Farg‘ona tumanlaridagi qariyb 1,5 ming gektar samarasiz foydalanilayotgan yer maydonlarida maxsus sanoat zonalarini tashkil etish taklifi ma’qullandi.

Shuningdek, Farg‘ona shahrida kimyo sanoati korxonalarining bo‘sh turgan 24 gektar maydonida innovatsion texnopark tashkil etib, 300 mln dollarlik loyihalarni joylashtirish, “Eltexsanoat” texnoparki hududini qo‘shimcha 70 gektarga kengaytirish va Dang‘ara tumanida uning filialini ochish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.

Viloyatning tuman va shaharlarida xorijlik sheriklar bilan hamkorlikda qurilish materiallari, kabel mahsulotlari, shamol turbinalari, elektrobuslar, quyosh panellari uchun mikrochiplar, elektroskuterlar uchun akkumulyatorlar, avtomobil ehtiyot qismlari va maishiy texnika ishlab chiqarish bo‘yicha istiqbolli loyihalar taqdim etildi.

Image

Foto: Prezident matbuot xizmati

Mavjud imkoniyatlarni ishga solish hisobiga 2027-yilda viloyatda yalpi hududiy mahsulot hajmini kamida 10 foizga, sanoat ishlab chiqarishini 9 foizga oshirish, 6,1 mlrd dollarlik xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va eksport hajmini 2 mlrd dollarga yetkazish rejalashtirilgan.

Yig‘ilishda viloyatning turizm salohiyatidan samarali foydalanish bo‘yicha rejalar ham ko‘rib chiqildi. Marg‘ilon, Qo‘qon va Farg‘ona shaharlarida yirik turistik majmualarni tashkil etish, “Chimyon soy” bo‘yida, Dang‘ara, Yozyovon, Oltiariq va So‘x tumanlarida Parkent tumani tajribasi asosida zamonaviy turistik va oilaviy dam olish maskanlarini barpo etish rejalari taqdim qilindi.

26-noyabr kuni, shuningdek, prezident turizm sohasidagi ustuvor vazifalar yuzasidan taqdimot bilan ham tanishgandi. Unda yangi turizm loyihalari uchun 5 ming gektar yerni auksionga chiqarish va 2030-yilgacha turizm infratuzilmasini rivojlantirishga 3,1 trln so‘m yo‘naltirish rejalashtirilgani ma’lum qilingandi.

O‘xshash yangiliklar