Navoiyda noqonuniy oltin qazishda gumonlanayotgan 23 kishi ushlandi | Daryo

Navoiy viloyatining Navbahor tumanida tarkibida oltin zarralari mavjud bo‘lgan tog‘ jinslarini noqonuniy qazib olishda gumonlanayotgan oltita uyushgan jinoiy guruh faoliyati fosh etildi. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar berdi.
“Xavfsiz va sog‘lom yurt” keng qamrovli tezkor-profilaktik oyligi doirasida viloyat IIB hamda Navbahor tumani IIB tezkor qidiruv xizmati xodimlari tomonidan tumanning tog‘ tizmalarida nazorat reydlari o‘tkazilgan.
Tadbir davomida 1995, 2002 va 2005-yillarda tug‘ilgan shaxslar qo‘lga olingan. Ular tumanning Jizlon tog‘ tizmasida yashirin ravishda ma’danlarni qazib olish va ularga ishlov berishda gumonlanmoqda.
Tezkor-profilaktik tadbirlar davomida tumanning tog‘ tizmalarida shu kabi faoliyat bilan shug‘ullanganlikda gumonlanayotgan yana beshta jinoiy guruh aniqlangan.
Qo‘lbola uskunalar yordamida tarkibida oltin mavjud bo‘lgan tog‘ jinslarini qazib olishda gumonlanayotgan jami 23 nafar shaxs ushlanib, ularga tegishli elektr qurilmalari daliliy ashyo sifatida rasmiylashtirilgan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 196-moddasi (atrof tabiiy muhitni ifloslantirish) tegishli qismlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
27-aprel kuni Navbahor tumanidagi davlat muhofazasiga olingan Sarmishsoy darasi hududida noqonuniy ravishda oltin qazib olingani ma’lum qilingandi. O‘shanda davlat manfaatlari va arxeologiya yodgorligiga 111,5 mlrd so‘mlik zarar yetkazilgani aytilgandi.



