Gollivud yulduzi Uill Smitning Kaliforniyadagi hashamatli uyida yong‘in sodir bo‘ldi | Daryo

Amerikalik aktyor Uill Smitning Kaliforniyadagi hashamatli uyida yong‘in chiqdi. Bu haqda Page Six nashri xabar berdi.

Foto: RMG News / Backgrid
Aktyorning Kaliforniya shtati Kalabazas shahrida joylashgan va qiymati 42 million dollarga baholangan uyida yong‘in yuz bergan. Qutqaruv xizmatiga xabar yarim tunda kelib tushgan. Ma’lum qilinishicha, yong‘in uy hududidagi xo‘jalik binolaridan birida boshlangan. O‘t o‘chiruvchilar olovni tezda nazoratga olib, uning atrofdagi hududlarga tarqalishining oldini olgan. Yong‘in tasodifiy yuzaga kelgani aniqlangan. Hodisa oqibatida hech kim halok bo‘lmagan va jabrlanmagan. Biroq yong‘in vaqtida uyda kimdir bo‘lgan-bo‘lmagani hozircha noma’lum.
Aytish joizki, bu aktyorning uyida sodir bo‘lgan ilk yong‘in emas. 2021-yilda ham uyning yerto‘lasida yong‘in chiqqan. Bundan avval, 2018-yilda Vulsidagi keng ko‘lamli yong‘in vaqtida Smit uyining xavfsizligidan xavotir bildirgan edi. 2025-yil yanvarida esa vayronkor o‘rmon yong‘inlari sabab aktyorning oilasi uyini tark etishga majbur bo‘lgan.




