Aholiga maishiy gaz ballonlarini to‘ldirish bo‘yicha qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish maqsadida mavjud avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchalari hududida alohida jihozlangan maxsus postlar tashkil etish yuzasidan tegishli tashkilotlarga takliflar kiritildi. Bu haqda “Hududgazta’minot” ijtimoiy tarmoqlardagi norozilik va tanqidlarga javoban ma’lum qildi.
Mazkur munosabat 2-noyabr kuni qabul qilingan qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan yangi me’yor atrofidagi muhokamalar fonida e’lon qilindi. Hujjatga ko‘ra, 2027-yil 5-fevraldan boshlab avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchalarida iste’molchilarning maishiy ballonlariga suyultirilgan gaz quyganlik uchun BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha (1,32 milliondan 2,2 million so‘mgacha) jarima belgilangan.
Jamoatchilik va iqtisodchilar, xususan, Otabek Bakirov hududlarga suyultirilgan gaz o‘z vaqtida yetkazib berilmayotgan bir sharoitda bunday cheklov kiritilishini, ta’minotchilarning kechikishi uchun esa javobgarlik yo‘qligini tanqid qilgan edi.
Avvalroq Iqtisodiyot va moliya vazirligi ham maishiy gaz yetkazib berish oralig‘i o‘rtacha 30−35 kunni, ayrim tumanlarda esa 53−71 kunni tashkil etayotgani, oqibatda aholi qo‘shimcha gazni qimmat narxda sotib olishga majbur bo‘layotganini qayd etgandi. Bundan tashqari, 1-noyabrdan aholini gaz bilan ta’minlash “LPG-Trade” MCHJga o‘tkazilgan, 15-noyabrdan esa tartibga solinadigan narx 2,5 barobarga — kilogrammi 2 ming so‘mdan 5 ming so‘mga oshirilgan edi.
“Hududgazta’minot” bayonotida ta’kidlanishicha, maishiy gaz ballonlarini avtomobillarga gaz quyish shoxobchalarida to‘ldirish yong‘in xavfsizligi talablariga zid hisoblanadi. Bu tartib Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 20-oktabrdagi 649-son qarori bilan tasdiqlangan Yong‘in xavfsizligi qoidalarining 674-bandida ham belgilab qo‘yilgan.
Shu bilan birga, kompaniya maishiy gaz ballonlarini to‘ldirish xizmati aholi uchun cheklanmaganini bildirdi. Amaldagi tartibga ko‘ra, bu xizmat belgilangan talablarga javob beradigan va tegishli ruxsatga ega maxsus gaz to‘ldirish stansiyalari (GTS) hamda shoxobchalari (GTSH) orqali ko‘rsatiladi. Respublika bo‘yicha “LPG-Trade” MCHJ tasarrufida bo‘lmagan, mustaqil yuridik shaxslarga tegishli 360 dan ortiq ana shunday shoxobcha va stansiya faoliyat yuritmoqda hamda ular aholi maishiy gaz ballonlarini to‘ldirish huquqiga ega.




