O‘zbekistonda biznesni ro‘yxatga olish 30-noyabrda yakunlanadi | Daryo

O‘zbekistonda 15-oktyabrdan boshlangan biznesni ro‘yxatga olish tadbiri 30-noyabrda yakuniga yetadi. Bu hukumatning 9-oktyabrdagi qarorida belgilangan.
Ma’lum qilinishicha, biznesni ro‘yxatga olish mamlakat hududida faoliyat yuritayotgan barcha iqtisodiy birliklarni to‘liq xatlovdan o‘tkazish tadbiri. Unga yirik, o‘rta va kichik korxonalar, mikrofirmalar, fermer va dehqon xo‘jaliklari, nodavlat notijorat tashkilotlar, yakka tartibdagi tadbirkorlar, hunarmandlar hamda o‘zini o‘zi band qilganlar jalb etilgan.

Foto: Statistika qo‘mitasi axborot xizmati
Ma’lumotlar 2026-yil 1-oktyabr soat 00:00 holatiga yig‘iladi. Mahallalarda so‘rovni hokim yordamchilari planshet orqali o‘tkazmoqda, bozorlarda esa bu ishni statistika organlari xodimlari bajaradi. Yuridik shaxslar hisobot.stat.uz, o‘zini o‘zi band qilganlar esa census.stat.uz tizimi orqali mustaqil ro‘yxatdan o‘tishi mumkin.
Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad iqtisodiy birliklar soni, tarkibi va faoliyat holatiga aniqlik kiritish, statistik registrlarni yangilash hamda kuzatilmaydigan iqtisodiyot ko‘lamini baholashdan iborat. Olingan ma’lumotlar respublika va hududlar darajasida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni rejalashtirishda foydalaniladi.
Qayd etilishicha, ro‘yxatga olish tadbirkorlar uchun hisobot yukini kamaytirishga xizmat qiladi. Prezident farmoniga ko‘ra, 2027-yil 1-yanvardan mikrofirmalar va kichik korxonalar choraklik tanlanma kuzatuvlar uchun yilda faqat bir marta tanlab olinishi mumkin.

Foto: Statistika qo‘mitasi axborot xizmati
Taqdim etilgan barcha ma’lumotlar maxfiy saqlanadi va faqat statistik maqsadlarda foydalaniladi. Savollar bo‘yicha “1851” qisqa raqamli call-markazga murojaat qilish mumkin.
Ma’lumot uchun, ro‘yxatga olishning dastlabki natijalari 2027-yil 1-iyungacha tayyorlanadi, yakuniy natijalar esa Milliy statistika qo‘mitasining rasmiy saytida 2027-yil 1-sentyabrgacha e’lon qilinadi.
Avvalroq aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishning dastlabki natijalari e’lon qilingan edi. Unga ko‘ra, 2026-yil 15-yanvar holatiga O‘zbekiston aholisi 39 047 321 kishini tashkil etgan.



