Toshkent viloyatida Bo‘zsuv kanaliga zararli oqova suvlar tashlanayotgani aniqlandi | Daryo

Toshkent viloyatining Zangiota tumanidagi Bo‘zsuv oqova suv tozalash inshootida jiddiy ekologik qonunbuzarliklar aniqlandi. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Ekopolitsiya xodimlari aholidan kelib tushgan e’tirozlar asosida mazkur inshootda ekologik nazorat tekshiruvini o‘tkazgan.
Tekshiruv davomida birinchi toifa xavflilik darajasiga mansub inshootda texnologik jarayonlar izdan chiqqani, oqova suvlarni tozalash samaradorligi belgilangan 70 foiz o‘rniga 47,6–51,5 foizgacha pasaygani hamda Bo‘zsuv kanaliga zararli va yetarli darajada tozalanmagan oqova suvlar tashlanayotgani aniqlangan.
11 va 13-noyabr kunlari kanalga tashlanayotgan oqova suvlardan olingan namunalar laboratoriyada tekshirilgan. Natijada 13 turdagi ifloslantiruvchi moddaning 9 tasining miqdori belgilangan me’yordan bir necha o‘n barobar yuqori ekani ma’lum bo‘lgan.
Inshoot samaradorligining keskin pasayishi oqibatida atrof-muhitga badbo‘y hid tarqalib, yaqin hududlarda yashovchi aholining e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.
Qo‘mitaga ko‘ra, bunga inshoot mas’ullari tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 3-fevraldagi 11-son qarori talablariga zid ravishda tarkibida kimyoviy bo‘yoqlar va zaharli moddalar mavjud bo‘lgan to‘qimachilik, qog‘ozni qayta ishlash, qushxona hamda boshqa ishlab chiqarish korxonalarining oqova suvlari dastlabki lokal tozalashdan o‘tkazilmasdan qabul qilinayotgani sabab bo‘lgan.
Inshoot rahbariyati ushbu korxonalarni tarmoqdan uzish va ekologiya organlarini xabardor qilish talablarini bajarmagan. Shuningdek, Davlat ekologik ekspertizasining 2024-yildagi xulosasida belgilangan inshootni modernizatsiya qilish, qo‘shimcha tozalash majmuasini qurish hamda oqova suvlar sifatini avtomatlashtirilgan nazorat qilish tizimlarini joriy etish bo‘yicha birorta ham talab bajarilmagan.
Tekshiruv davomida davlat nazoratiga to‘sqinlik qilingani va ekologik ma’lumotlar yashirilgani ham aniqlangan. Xususan, 17-noyabr kuni inshoot xodimlari Ekopolitsiya va irrigatsiya mutaxassislariga 3-son chiqarish nuqtasida Bo‘zsuv kanaliga tashlanayotgan oqova suv hajmini o‘lchashga yo‘l qo‘ymagan.
Jamiyat taqdim etgan hisobotlarda yillik oqova suv hajmi 2023-yilga nisbatan 131,3 mln kub metrga (54 foizga) kamaytirib ko‘rsatilgan. Biroq mazkur tafovutni asoslovchi birorta hujjat taqdim etilmagan.
Bundan tashqari, oqova suvlar tarkibidagi 15 turdagi ifloslantiruvchi moddaning 9 tasi, jumladan, neft mahsulotlari, og‘ir metallar va xromga oid ma’lumotlar yillar davomida hisobotlardan yashirib kelingani aniqlangan.
Qo‘mita Toshkent shahar Ekologiya bosh boshqarmasi mas’ullari faoliyatida ham kamchiliklar aniqlanganini ma’lum qildi. Inshoot Toshkent viloyatining Zangiota tumanida joylashganiga qaramay, bosh boshqarma tomonidan noto‘g‘ri tuzilgan hisobotlar qabul qilib kelingan.
Bosh boshqarma laboratoriyasi tomonidan 2026-yilning o‘tgan davrida birorta ham nazorat tahlili o‘tkazilmagan, jamiyatdan esa 15 turdagi ifloslantiruvchi modda bo‘yicha tahlil natijalari talab qilib olinmagan. Qo‘mitaga ko‘ra, bu holat jamiyatning katta miqdordagi kompensatsiya to‘lovlaridan bo‘yin tovlashiga sharoit yaratgan. Shuningdek, 2026-yilning birinchi va ikkinchi choraklari uchun hisobotlar umuman topshirilmagan.
Inshootda yiliga hosil bo‘ladigan 23 541 tonna chiqindi, asosan, xavfli cho‘kindilar belgilangan tartibda utilizatsiya qilinmasdan, ochiq yer maydonlariga noqonuniy ravishda to‘kib kelingan. Bu bo‘yicha ham birorta hisobot taqdim etilmagan.
Aniqlangan qonunbuzarliklar va yashirilgan ma’lumotlar qayta hisob-kitob qilinib, atrof-muhitga yetkazilgan zarar uchun qo‘shimcha kompensatsiya to‘lovi hisoblangan.
Shuningdek, “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonunning 55-moddasiga asosan moliyaviy sanksiya qo‘llanib, kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan 15 banddan iborat majburiy ko‘rsatma berilgan. Kompensatsiya to‘lovi va moliyaviy sanksiyaning aniq miqdori ochiqlanmagan.



