25.11.2026, Chorshanba+13.6°CToshkentUSD11 990.54EUR13 136.84RUB146.24
+13.6°CToshkent$11 990.54 25.11.2026

O‘zbekistonda inflyatsiya 2027-yilning ikkinchi yarmida 5 foizgacha pasayishi kutilmoqda | Daryo

O'zbekiston 25.11.2026 19:19 0Daryo
O‘zbekistonda inflyatsiya 2027-yilning ikkinchi yarmida 5 foizgacha pasayishi kutilmoqda | Daryo

Asosiy ssenariyga ko‘ra, 2026–2027-yillarda pul-kredit sharoitlarini qat’iy darajada saqlash ko‘zda tutilgan. Bu ichki talab o‘sishini muvozanatlashtirish, inflyatsion kutilmalarni pasaytirish, milliy valyutada jamg‘arishga rag‘batni saqlash hamda narxlar o‘sishining ikkilamchi ta’sirlari oldini olishga qaratilgan.

Inflyatsiyaning maqsadli ko‘rsatkich atrofida barqarorlashishi va inflyatsion bosimning pasayishi uchun yetarli sharoitlar yuzaga kelgan taqdirda, pul-kredit sharoitlarini bosqichma-bosqich neytral darajaga yaqinlashtirish imkoniyati ko‘rib chiqiladi.

Markaziy bank asosiy ssenariydan chetlanishga olib kelishi mumkin bo‘lgan tashqi va ichki xatarlarni ham baholagan. Ular qatoriga asosiy savdo hamkorlari valyutalarining sezilarli darajada qadrsizlanishi, neft va jahon oziq-ovqat narxlarining keskin oshishi, shuningdek, bank tizimida raqobat kuchayishi hisobiga kreditlashning jadallashuvi kiritilgan.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur omillar inflyatsiya darajasining prognoz qilingan ko‘rsatkichdan oshishiga olib kelishi mumkin.

Ushbu xatarlar yuzaga kelgan taqdirda, pul-kredit siyosati makroiqtisodiy sharoitlarga muvofiq qayta ko‘rib chiqiladi. Bunda asosiy e’tibor inflyatsiyani o‘rta muddatli istiqbolda 5 foizlik maqsadli darajaga qaytarishga qaratiladi.

Bundan tashqari, 2027–2029-yillarda pul-kredit siyosati strategiyasi va uni amalga oshirish bo‘yicha yo‘l xaritasi ishlab chiqilib, ijrosi muntazam monitoring qilib boriladi. Bank tizimida likvidlikni boshqarish mexanizmlari takomillashtiriladi, foiz koridori qayta ko‘rib chiqiladi hamda garov aktivlariga nisbatan yagona mezonlar joriy etiladi.

Islomiy banklar uchun shariat tamoyillariga muvofiq likvidlikni jalb qilish va taqdim etish instrumentlarini ishlab chiqish hamda joriy etish ishlari davom ettiriladi.

Shuningdek, makroiqtisodiy prognozlash va tahlil tizimini modernizatsiya qilish, pul va moliya bozorlari infratuzilmasini rivojlantirish, derivativlar bozorini rivojlantirish, foiz va valyuta xatarlarini xedjirlash instrumentlarini kengaytirish hamda ichki valyuta bozorining likvidligi va samaradorligini oshirish rejalashtirilgan.

Markaziy bank pul-kredit siyosati kommunikatsiyasining tushunarliligi, izchilligi va hisobdorligini oshirish bo‘yicha ham alohida strategiya va yo‘l xaritasini ishlab chiqadi.

Avvalroq muddatli to‘lovga savdo qiluvchi ayrim tashkilotlar Markaziy bankda ro‘yxatdan o‘tishi majburiy bo‘lishi haqida xabar berilgandi.

O‘xshash yangiliklar