MyGov orqali uyning qurilish hujjatlarini ko‘rish imkoni yaratildi

O‘zbekistonda uy sotib olishni rejalashtirayotgan fuqarolar endi qurilish obyektiga oid hujjatlarni Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (MyGovUz) orqali onlayn tekshirishi mumkin. Xizmat 30 dan ortiq yo‘nalishdagi obyektlar haqida ma’lumot olish imkonini beradi.
Portal orqali foydalanuvchilar qurilish obyekti haqidagi asosiy ma’lumotlar bilan tanishishi mumkin. Jumladan:
• obyektning nomi va aniq manzili;
• obyekt toifasi va foydalanishga topshirish muddati;
• qavatlar hamda xonadonlar soni;
• umumiy maydoni va loyiha qiymati;
• buyurtmachi, loyihachi va pudratchi tashkilotlar haqidagi ma’lumotlar.
Xizmat orqali faqat ma’lumotlarni ko‘rish emas, balki obyektning qonuniyligini tasdiqlovchi hujjatlarni yuklab olish ham mumkin. Ular qatoriga quyidagilar kiradi:
• Arxitektura-shaharsozlik kengashi xulosasi;
• ekspertiza xulosasi;
• qurilish-montaj ishlarini boshlash uchun berilgan ruxsatnoma.
Bu imkoniyat uy xarid qilishdan oldin qurilish obyekti va uning hujjatlari haqida ma’lumot olishga yordam beradi.



