Toshkentda Rossiyaning Kurchatov instituti filiali tashkil etiladi | Daryo

Hukumatning 25-noyabrdagi 643-son qarori bilan Toshkent shahrida Rossiyaning Kurchatov instituti milliy tadqiqot markazi filiali tashkil etilishi belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Qarorga ko‘ra, filial faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida materialshunoslik, atom energetikasi, bioiqtisodiyot, yadroviy tibbiyot va radiologiya hamda kvant texnologiyalari kabi ustuvor yo‘nalishlarda qo‘shma ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish bo‘yicha hamkorlikni tashkil etishdan iborat.
Shuningdek, Fanlar akademiyasining Genomika va bioinformatika markazi hamda Ilg‘or texnologiyalar markazi bilan biotexnologiya va genom texnologiyalari sohasida qo‘shma tadqiqotlar amalga oshiriladi.
Filialning ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlaridan kelib chiqib, yadroviy texnologiyalar, kvant fizikasi va radiobiologiya sohalarida yuqori malakali ilmiy kadrlar tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Iqtidorli talabalar, doktorantlar va yosh olimlar uchun bosh muassasaning yetakchi laboratoriyalarida har yili kamida 10 nafar xodimning qisqa va uzoq muddatli ilmiy stajirovkalari tashkil etiladi.
Filialda tahsil olayotgan doktorantlar va mustaqil tadqiqotchilar uchun mahalliy va xorijiy olimlar ishtirokida “qo‘shma ilmiy rahbarlik” (co-tutelle) tizimi joriy etiladi.
Avvalroq O‘zbekistonda Psixologiya ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etilishi haqida xabar berilgandi.



