Andijon shahrida mijozlarning xalqaro pul o‘tkazmalariga mas’ul bo‘lgan bank xodimi 3,2 mlrd so‘mdan ortiq (taxminan 250 ming dollar) mablag‘ni onlayn qimor o‘yinlariga tikib yuborgani aniqlandi, deya xabar bermoqda IIV huzuridagi Tergov departamenti.
Bank xodimi mijozlar hisobidagi pullarni o‘zining xalqaro plastik kartasiga o‘tkazib olgan. Jismoniy shaxslarning mablag‘larini egalariga qaytarish vaqti kelganda kamomad fosh bo‘lgan.
“Juda katta miqdorda pul yutqazib qo‘yganman, buni to‘liq tan olaman. Yutqazish jarayonida oilamdan, hamkasblarimdan, hammasidan ajralganman. Buni o‘ynagan odamning ko‘ziga hech narsa ko‘rinmay qolar ekan. Hozir qilgan ishimdan juda qattiq afsusdaman. Bu o‘yinning oxiri faqat pul yutqazish emas, hayotini yutqazish bilan ham tugar ekan”, — dedi u.
Holat yuzasidan Andijon shahar IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi (Juda ko‘p miqdorda o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Ayblanuvchiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanib, tergov harakatlari yakuni bo‘yicha jinoyat ishi sud muhokamasiga yuborilgan.




