Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan mamlakatning yangi Konstitutsiyasi loyihasini e’lon qildi. Loyiha maxsus saytga joylashtirilgan bo‘lib, unda mamlakatning har bir fuqarosi hujjat matni bilan tanishishi va o‘z takliflarini yuborishi mumkin.
Hujjatda 1990-yilgi Mustaqillik deklaratsiyasiga havola mavjud emas — uning muqaddimasida Armaniston SSR va Tog‘li Qorabog‘ning “Qayta birlashish to‘g‘risida”gi qarori tilga olingan. Ushbu havolani chiqarib tashlash Ozarbayjonning tinchlik shartnomasini tuzish uchun qo‘ygan shartlaridan biri edi.
Konstitutsiya loyihasini referendumga qo‘yish uchun Pashinyanga ovozlar yetishmayapti, hukmron “Fuqarolik shartnomasi” partiyasi parlamentdagi 105 ta o‘rindan 64 tasini egallagan, referendum o‘tkazish uchun esa kamida 70 nafar deputat ovoz berishi kerak.
20-noyabr kuni parlamentda nutq so‘zlagan Pashinyan muxolifat deputatlarini referendum uchun zarur bo‘lgan qo‘llab-quvvatlovni ta’minlashga chaqirdi va agar saylovchilar yangi konstitutsiyaga qarshi ovoz bersa, bir hafta ichida iste’foga chiqishini ma’lum qildi. Agar hujjat qabul qilinsa, u 2031-yilda yangi muddatga o‘z nomzodini qo‘ymaslikka va’da berdi.
Muxolifat yangi konstitutsiyani Ozarbayjonga yon berish deb hisoblab, unga qarshi chiqmoqda. Parlamentda jami 41 ta o‘ringa ega bo‘lgan har ikki muxolifat fraksiyasi — “Kuchli Armaniston” va “Ayastan” Pashinyanning taklifini rad etib bo‘ldi.
Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi Tog‘li Qorabog‘ mojarosi SSSR parchalangan davrdan beri davom etib kelgan. 2023-yil sentabr oyida Ozarbayjon mintaqa ustidan to‘liq nazorat o‘rnatdi, shundan so‘ng o‘n minglab etnik armanlar hududni tark etdi. 2024-yil 1-yanvarda tan olinmagan Arsax respublikasi rasman o‘z faoliyatini to‘xtatdi.
2025-yil avgust oyida Armaniston va Ozarbayjon Vashingtondagi uchrashuvda tinchlik kelishuvini dastlabki tarzda ma’qullagan, biroq uni imzolamagandi. Ozarbayjon tinchlik tuzish uchun ikkita shart qo‘ygan: Qorabog‘ mojarosini hal qilish bilan shug‘ullangan YeXHTning Minsk guruhini tugatish va Armaniston konstitutsiyasini o‘zgartirish.
Boku Armaniston konstitutsiyasidan mamlakat Mustaqillik deklaratsiyasiga bo‘lgan havolani chiqarib tashlashga intilmoqda, chunki undagi ta’riflarda Tog‘li Qorabog‘ga nisbatan hududiy da’volar mavjud deb hisoblaydi.




