24.11.2026, Seshanba+12.2°CToshkentUSD12 002.93EUR13 156.41RUB146.74
+12.2°CToshkent$12 002.93 24.11.2026

Chilonzordagi Anhor kanalining 1,7 kilometrlik qismida yangi sayilgoh tashkil etiladi

Boshqa 24.11.2026 16:51 0Gazeta
Chilonzordagi Anhor kanalining 1,7 kilometrlik qismida yangi sayilgoh tashkil etiladi

Toshkentning Chilonzor tumanida Anhor kanalining Bunyodkor ko‘chasidan Naqqoshlik ko‘chasigacha bo‘lgan 1,7 kilometrlik qismini obodonlashtirish va yangi sayilgoh barpo etish ishlari olib borilmoqda. Bu haqda poytaxt hokimligi xabar berdi.

Loyihaga muvofiq, kanal bo‘ylab umumiy uzunligi 3,4 kilometrni tashkil etuvchi velosiped va piyodalar yo‘laklari quriladi.

Shuningdek, kanalning ikki qirg‘og‘ini o‘zaro bog‘lovchi uchta ko‘prik barpo etilishi hamda xavfsizlikni ta’minlash maqsadida qirg‘oqlar bo‘ylab himoya panjaralari o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, hududga 500 dan ortiq daraxt va buta ko‘chatlarini ekish rejalashtirilgan. Hozirga qadar kanal o‘zanining 500 metrdan ortiq qismida betonlash ishlari bajarilgan.

Qurilish va obodonlashtirish jarayoniga 100 nafarga yaqin ishchi hamda 12 ta maxsus texnika jalb etilgan. Loyihani 2027-yilning may oyida yakunlab, sayilgohni foydalanishga topshirish mo‘ljallanmoqda.

Avvalroq poytaxt hokimligi bir qancha joyda yangi sayilgohlar tashkil etilayotganini ma’lum qilgandi. Xususan, Olmazor tumanida 0,5 gektar maydonli sun’iy ko‘lli sayilgoh tashkil etish, Yunusoboddagi Bo‘zsuv kanali qirg‘og‘ida piyodalar sayilgohi, alohida veloyo‘lak, dam olish joylari, kichik pirslar, eshkak eshish markazi va restoranlar qurish hamda Yashnobod tumanida Qorasuv kanali qirg‘og‘ining 2 km qismini obodonlashtirish boshlangan.

O‘xshash yangiliklar