Uzbekistan Airports vakillari Emirates Group (BAA) kompaniyasining xalqaro aviatsiya siyosati hamda davlat organlari bilan aloqalar bo‘yicha mas’ul vakillari bilan muzokaralar o‘tkazdi, deya xabar bermoqda kompaniya matbuot xizmati.
Muzokaralar davomida aviatashuvchi vakillariga mamlakat xalqaro aeroportlarini rivojlantirish, infratuzilmani modernizatsiya qilish, yo‘lovchi tashish dinamikasi, shuningdek, O‘zbekistonning ortib borayotgan sayyohlik va tranzit salohiyati haqida ma’lumot berildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanligini bildirdi.
Xususan, Emirates yo‘lovchilar talabi, aeroportlarning infratuzilma imkoniyatlari va yo‘nalishlarning tijorat salohiyatini o‘rgangan holda O‘zbekistonga muntazam reyslarni yo‘lga qo‘yish masalasini ko‘rib chiqishi mumkin. Uzbekistan Airports esa zarur ma’lumotlarni taqdim etish va maslahatlashuvlarni davom ettirishga tayyorligini tasdiqladi.
Hozirda O‘zbekiston aviatsiya bozorida BAAning Flydubai, Air Arabia va Etihad Airways aviakompaniyalari faoliyat yuritmoqda. Emirates’ning bozorga kirib kelishi yo‘lovchilarga Dubay orqali xalqaro parvozlar uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishi kutilmoqda.
Ma’lumot uchun, Emirates — bosh qarorgohi Dubayda joylashgan dunyodagi eng yirik xalqaro aviakompaniyalardan biri. Tashuvchining parvozlar tarmog‘i qariyb 80 ta mamlakatdagi 150 dan ortiq yo‘nalishni qamrab olgan. Aviakompaniya keng fyuzelyajli havo kemalarining eng yirik parkiga ega bo‘lib, uzoq masofalarga xalqaro tashuvlarni amalga oshirishga ixtisoslashgan.












