Farg‘ona viloyatida Damas avtomobilida bir vaqtning o‘zida 20 nafar bolani tashigan haydovchi aniqlandi. Bu haqda viloyat “Milliy” telekanalining “Millar” dasturida xabar berildi.
Hodisa Qo‘shtepa tumanida xizmat olib borayotgan yo‘l-patrul xizmati xodimlari tomonidan aniqlangan. Ular Damas’ni to‘xtatib, tekshirganida, mashina ichida 20 nafar bola borligi ma’lum bo‘lgan.
60 yoshli haydovchi bolalarni tashish vaqtida svetoforning taqiqlovchi ishorasiga qaramay harakatlangan va shu jarayonda telefondan foydalangan. Tekshiruv davomida u avval ham yo‘lovchi tashish qoidalarini buzgani aniqlangan.
Haydovchi yo‘l harakati qoidalarining 159-bandi talablarini (transport vositasida texnik tavsifnomada belgilanganidan ortiq odam tashish) buzgani uchun unga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Bolalar bog‘chalari tarbiyalanuvchilarini xavfsizlik qoidalarini buzgan holda 4−7 o‘rinli avtomobillarda tashish O‘zbekistonda ancha keng tarqalgan. Xususan, oktabrda Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumanida Damas`da 13 nafar bog‘cha tarbiyalanuvchisi, sentabrda Surxondaryo viloyati Termiz shahrida esa 21 nafar bola tashilayotgani aniqlangandi.
Bolalarni tashishdagi bunday qoidabuzarliklar ayrim hollarda og‘ir oqibatlarga olib kelgan. Xususan, may oyida Nurota tumanida 14 nafar bog‘cha bolasi bo‘lgan Matiz halokatga uchragani xabar qilingandi. Rulda haydovchilik guvohnomasi olmagan oilaviy bog‘cha rahbari bo‘lgan. Hodisa oqibatida ayol vafot etgan, bolalar turli tan jarohatlari bilan shifoxonaga yetkazilgan.
Bundan tashqari, Andijon viloyati Xo‘jaobod tumanida 21 nafar bog‘cha bolasini Tracker’da olib ketayotgan haydovchi YTH sodir etgandi. Oqibatda 6 yoshli qiz halok bo‘lib, yana 7 nafar bola jarohat oldi. Sud haydovchiga nisbatan 3 yil muddatga ozodlikni cheklash va 2 yilga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilish jazosini tayinladi.




