O‘zbekiston va Turkiya ichki ishlar vazirliklarining hamkorligida o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida xalqaro qidiruvda bo‘lgan N.R. Turkiyada ushlanib, O‘zbekistonga deportatsiya qilindi. Bu haqda O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi xabar berdi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, N.R. fuqarolarning ishonchiga kirib, ularni aldash yo‘li bilan katta miqdordagi mol-mulkni qo‘lga kiritganlikda gumon qilinmoqda. Unga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Bosh konsulxona ma’lum qilishicha, ayni paytda ikki davlat huquqni muhofaza qiluvchi organlari xalqaro qidiruvda bo‘lgan boshqa shaxslarning joylashgan yerini aniqlash bo‘yicha hamkorlikni davom ettirmoqda.
Avvalroq Xorazmdagi bandlik tizimida ishlagan davrida davlat mablag‘larini talon-toroj qilishda gumonlanib, xalqaro qidiruvga berilgan ayol Turkiyada ushlangan va O‘zbekistonga olib kelingan edi.




