20-noyabr kuni Tashqi ishlar vazirligi va Migratsiya agentligi O‘zbekistonning Singapurdagi elchixonasi ko‘magida Avstraliyaning Shimoliy hududi vakillari bilan videokonferensaloqa shaklida muzokaralar o‘tkazildi, deya xabar bermoqda vazirlik.
Qayd etilishicha, ushbu muloqot Avstraliya mehnat bozoriga chiqish bo‘yicha boshlangan ilk amaliy muzokaralar hisoblanadi.
Uchrashuvda Avstraliyaning malakali mutaxassislarga, xususan, neft va gaz sohasidagi mavjud ehtiyojini o‘rganish, O‘zbekiston fuqarolarini uyushgan va qonuniy tartibda ishga jalb etish mexanizmlarini shakllantirish hamda nomzodlarni xalqaro talablar asosida kasbiy va til jihatidan tayyorlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Muzokaralarda ishtirok etgan Migratsiya agentligi hamda Kasbiy ta’lim agentligi vakillari Avstraliya tomoniga mamlakatning kadrlar salohiyati haqida ma’lumot taqdim etdi.
Bundan tashqari, tomonlar ikki davlat fuqarolarining huquqlarini himoya qilish bo‘yicha amaliy mexanizmlarni ishlab chiqish maqsadida ilk bor konsullik maslahatlashuvlarini o‘tkazish masalasini ko‘rib chiqishga kelishib oldi.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, mazkur qadam O‘zbekiston mehnat migratsiyasi geografiyasini yangi qit’aga kengaytirish va fuqarolar uchun yuqori daromadli ish o‘rinlari yaratishga qaratilgan.




