O‘zbekistonda barcha temiryo‘l va mahalliy aviareyslar harakat jadvali bir oy ichida qayta ko‘rib chiqilib, aholi hamda sayyohlar talabiga moslashtiriladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatining Parkent tumaniga tashrifi chog‘ida qurilish industriyasi va turizm sohalari vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda ma’lum qildi.
Davlat rahbari hududlarda sayyohlik maskanlari ko‘paytirilayotganiga qaramay, transport bog‘lanmalari to‘g‘ri tashkil etilmaganini tanqid qildi. Xususan, ertalab Toshkentdan yo‘lga chiqqan poyezd Chinorkentga soat 10:30 da yetib borishi, oqibatda Bo‘stonliqqa borgan yo‘lovchi shu kuni poytaxtga qaytishni istasa, hududni aylanish uchun bor-yo‘g‘i to‘rt soat vaqti qolishi qayd etildi.
Toshkent — Chinorkent ekspress poyezdi hozirgi jadvalga ko‘ra Toshkentdan 08:47 da qo‘zg‘alib, Chinorkentga 10:33 da yetib boradi. Chinorkentdan yuradigan so‘nggi reys 14:19 da yo‘lga chiqib, Toshkentga 15:52 da yetib keladi. Skrinshot: Tashtrans.uz.
Shuningdek, Toshkent — Shahrisabz yo‘nalishida tezyurar “Afrosiyob” poyezdi faqat yakshanba kuni qatnashi, poytaxtdan borgan turistda shahar bilan tanishish uchun atigi to‘rt soat vaqt bo‘lishi ko‘rsatib o‘tildi.
“U poyezdni nimaga qo‘ydik biz o‘zi? Kim buning logistikasini o‘ylashi kerak?” — deya savol qo‘ydi prezident. Mutasaddilarga barcha jadvallarni qayta tahlil qilish va ularni platforma orqali e’lon qilish topshirildi.
Uchrashuvda xalqaro aviaqatnovlarni kengaytirish masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi. Hozirda O‘zbekistondan dunyoning 102 shahriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlar mavjud bo‘lmagan Avstraliya, Shimoliy va Sharqiy Yevropa davlatlaridan o‘n minglab sayyohlar tranzit orqali kelmoqda.
Kelasi oydan Turkiyaning Pegasus aviakompaniyasi Buxoro, Termiz va Andijonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda, shuningdek, “Turkiya havo yo‘llari” (Turkish Airlines), Etihad Airways va Flynas kabi kompaniyalar ham bu borada o‘z takliflarini bildirgan. Mutasaddilarga “beshinchi osmon” rejimini qo‘llagan holda bahordan xorijiy aviakompaniyalar bilan yangi yo‘nalishlarda reyslarni yo‘lga qo‘yish yuzasidan taklif kiritish topshirildi.




