23.11.2026, Dushanba+15.5°CToshkentUSD12 004.48EUR13 155.71RUB146.56
+15.5°CToshkent$12 004.48 23.11.2026

O‘zbekistonda so‘nggi uch yilda kasbiy sertifikatlash sinovlarida qatnashgan pedagoglarning 62,3 foizi imtihondan o‘ta olmadi. Tahlil

Boshqa 20.11.2026 16:15 0Gazeta
O‘zbekistonda so‘nggi uch yilda kasbiy sertifikatlash sinovlarida qatnashgan pedagoglarning 62,3 foizi imtihondan o‘ta olmadi. Tahlil

O‘zbekistonda 2024−2026-yillarda o‘tkazilgan kasbiy sertifikatlash nazorat sinovlarida ishtirok etgan 47 936 nafar pedagogning 62,3 foizi (29 857 nafari) sertifikat ololmagan bo‘lib, ularning 24 987 nafari (83,7 foizi) ta’lim tashkilotlarida ishlashda davom etmoqda. Bu haqda Prezident administratsiyasi huzuridagi Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligining ma’lumotlari (2026-yil 8-sentabr holatiga) asosida tayyorlangan axborot-tahliliy sharhida ma’lum qilindi.

Tahlilga ko‘ra, 2024−2026-yillarda o‘tkazilgan oltita nazorat sinoviga jalb etilgan 47 936 nafar pedagog respublikadagi jami 690 226 nafar pedagogning 6,9 foizini tashkil etadi. Ulardan atigi 18 079 nafari (37,7 foiz) 56 va undan yuqori o‘tish balini to‘plab, kasbiy sertifikatga ega bo‘lgan.

Yillar kesimida o‘tish ko‘rsatkichi 2024-yilda 44,3 foizni (15 539 nafardan 6 883 nafari), 2025-yilda 29,7 foizni (21 505 nafardan 6 388 nafari), 2026-yilning yanvar-sentabr oylarida esa 44,1 foizni (10 892 nafardan 4808 nafari) tashkil etib, uch yil ichida 0,2 foiz punktga kamaygan. Sertifikat olganlarning ham 70,2 foizi (12 693 nafar) minimal talabga yaqin — 56−70 ball oralig‘ida natija qayd etgan bo‘lsa, 86 va undan yuqori ball to‘plaganlar jami qatnashchilarning atigi 1,3 foizini (608 nafar) tashkil etgan.

Sinov natijalari urinishlar kesimida o‘rganilganda, birinchi urinishda qatnashchilarning 33,3 foizi (15 951 nafar), ikkinchi urinishda esa 31 foizi (6 865 nafardan 2128 nafari) sertifikat olgani aniqlandi. Birinchi urinishda o‘ta olmagan 31 985 nafar pedagogning 78,5 foizi (25 120 nafar) navbatdan tashqari takroriy sinovda qatnashish huquqidan (to‘lovi BHMning 50 foizi miqdorida) foydalanmagan. Bundan tashqari, ro‘yxatdan o‘tgan 7560 nafar talabgor (o‘ta olmagan holatlarning 23,6 foizi) sinovga umuman kelmagan va ularga 0 ball qayd etilgan.

Amaldagi reglamentga ko‘ra, ikkinchi urinishdan so‘ng ham yetarli ball to‘play olmagan 4737 nafar pedagog bilan mehnat shartnomasi bekor qilinishi lozim edi. Biroq ularning 474 nafari uchinchi marta, 93 nafari esa to‘rtinchi marta (jami 567 nafar) sinovga kiritilgan va ularning birortasi sertifikat ololmagan (o‘rtacha bali 39,6 ball). Ikki martadan ortiq sinovga kiritish holatlarining eng ko‘pi Qoraqalpog‘iston Respublikasi (124 ta yoki 21,9 foiz), Surxondaryo (65 ta), Toshkent (57 ta) va Namangan (56 ta) viloyatlari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Fanlari kesimidagi tahlil

O‘quv fanlari kesimidagi tahlil natijalarga fan bo‘yicha bilim darajasi hal qiluvchi ta’sir ko‘rsatishini (umumiy ballning 79 foizi) va fanlar o‘rtasidagi tafovut 3,9 barobarga yetganini ko‘rsatdi. Kamida 100 nafar qatnashchisi bo‘lgan fanlar orasida eng yuqori o‘tish ko‘rsatkichi davlat va huquq asoslari (75,1 foiz), tarix (56,6 foiz), ingliz tili (56,6 foiz), qoraqalpoq tili va adabiyoti (54,2 foiz) hamda psixologiya (54 foiz) fanlarida qayd etilgan.

Eng past natijalar esa aniq va tabiiy fanlarda kuzatilgan: informatika va axborot texnologiyalari o‘qituvchilarining atigi 19,2 foizi (2682 nafardan 514 nafari), fizikaning 21,7 foizi (1904 nafardan 413 nafari), rus tili va adabiyotining 21,8 foizi, jismoniy tarbiyaning 25,6 foizi, rus tilining 26,3 foizi hamda biologiyaning 26,4 foizi sinovdan o‘ta olgan. Informatika, fizika va biologiya fanlari bo‘yicha jami 6957 nafar pedagogdan faqat 1554 nafari (22,3 foiz) sertifikat olgan.

Eng yirik kontingentga ega boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishida qatnashgan 7420 nafar pedagogdan 5150 nafari yiqilib, o‘tish ulushi 30,7 foizni tashkil etgan. Umuman olganda, sinovdan o‘ta olmagan barcha pedagoglarning 42,9 foizi to‘rtta fan — boshlang‘ich ta’lim (5150 nafar), matematika (3211 nafar), rus tili (2245 nafar) va ingliz tili (2210 nafar) hissasiga to‘g‘ri keladi.

Shuningdek, ayrim fanlarda ro‘yxatdan o‘tib, imtihonga kelmaslik darajasi yuqori bo‘lgan: o‘ta olmaganlar ichida sinovga kelmaganlar ulushi davlat va huquq asoslari fanida 65,6 foizni, ingliz tilida 51,3 foizni, tarbiya fanida 44 foizni va o‘zbek tili (davlat tili) fanida 40,6 foizni tashkil etgan.

Agentlik ekspertlari ingliz tili o‘qituvchilarining yarmidan ko‘pi imtihonga kelmaganini ularning mehnat bozorida talabgir ekani va sertifikatlashni kutmasdan boshqa sohalarga o‘tib ketayotgani bilan izohlagan.

Tahliliy sharhda qayd etilishicha, yaqin ikki yilda kasbiy sertifikatlash qamrovi yanada kengayadi: 2026-yildan maktabgacha ta’lim tashkilotlarining stajyor-tarbiyachilari va psixologlari, 2027-yildan esa attestatsiyadan o‘ta olmagan va lavozimiga muvofiq emas deb topilgan pedagog kadrlar ham ushbu nazorat sinovlariga jalb etiladi.

Agentlik xulosasiga ko‘ra, tizim kadrlar sifatining kirish filtri sifatida loyihalangan bo‘lsa-da, hozircha kutilgan tanlov ta’sirini to‘liq bermayapti. Agar amaldagi 37,7 foizlik o‘tish ko‘rsatkichi saqlanib qolsa, yangi toifalarning jalb etilishi sertifikatsiz pedagoglar soni va huquqiy nizoli holatlarning yanada ortishiga olib keladi. Shu bois nazorat va sanksiyalar bilan cheklanmasdan, oliygohlarda pedagog kadrlar tayyorlash sifatini oshirish hamda maqsadli tayyorgarlik dasturlarini yo‘lga qo‘yish zarurligi ta’kidlangan.

O‘xshash yangiliklar