23.11.2026, Dushanba+15.5°CToshkentUSD12 004.48EUR13 155.71RUB146.56
+15.5°CToshkent$12 004.48 23.11.2026

O‘zbekistonda talabalar qanday qilib Gemini AI Plus obunasidan bir yil davomida bepul foydalanishi mumkin?

Boshqa 20.11.2026 15:05 0Gazeta
O‘zbekistonda talabalar qanday qilib Gemini AI Plus obunasidan bir yil davomida bepul foydalanishi mumkin?

Talabalar Gemini AI sun’iy intellektining imkoniyatlaridan (Gemini AI Plus) bir yil davomida bepul foydalanishi mumkin. Bu haqda Ta’lim va ilm-fan vazirligi xabar berdi.

Bepul obunani faollashtirish uchun dastlab HEMIS mobil ilovasiga kirib, “Hujjatlar” bo‘limiga o‘tish hamda talaba ID guvohnomasi va o‘qish joyidan ma’lumotnomani yuklab olish kerak.

Shundan so‘ng Gemini ilovasini ochib, menyudan profil tanlanadi va Google AI Plus bo‘limiga o‘tiladi. U yerda talabalar uchun maxsus taklif bandi belgilanib, “Kirish huquqini olish” va “Davom etish” tugmalari bosiladi. Keyingi bosqichda mamlakat va ta’lim muassasasi tanlanib, ism-familiya, tug‘ilgan sana hamda elektron pochta manzili kiritiladi.

So‘ngra yuklab olingan talabalik guvohnomasi va o‘qish joyidan ma’lumotnoma tizimga yuklanib, ariza yuboriladi. Ariza tasdiqlanganidan keyin to‘lov kartasi ma’lumotlarini kiritish orqali obunani faollashtirish mumkin bo‘ladi.

Google AI Plus obunasi bir qator sun’iy intellekt vositalari va qo‘shimcha xizmatlardan foydalanish imkonini beradi. Jumladan, Gemini ilovasida foydalanish limitlari ikki baravar oshiriladi va ilg‘or Flash Thinking modeliga kirish ochiladi.

Shuningdek, Google Photo, Disk va Gmail xizmatlari uchun 400 GB bulutli xotira taqdim etiladi. Obunaga kinematografik sahnalar va hikoyalar yaratishga mo‘ljallangan Google Flow vositasi, Gmail ichida Gemini`dan foydalanish, Notebook`ning tadqiqotga yordam beruvchi funksiyalari hamda sun’iy intellekt asosida ishlaydigan musiqa studiyasiga qo‘shimcha kirish imkoniyatlari kiradi.

O‘xshash yangiliklar