23.11.2026, Dushanba+16.4°CToshkentUSD12 004.48EUR13 155.71RUB146.56
+16.4°CToshkent$12 004.48 23.11.2026

O‘zbekistonlik tibbiyot xodimlari Vengriyaga ishga jalb qilinishi mumkin

Boshqa 23.11.2026 11:50 0Gazeta
O‘zbekistonlik tibbiyot xodimlari Vengriyaga ishga jalb qilinishi mumkin

O‘zbekiston elchisi Oybek Shaxavdinov Vengriya Sog‘liqni saqlash vazirligining parlament davlat kotibi Tamash Shved bilan uchrashuvda sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi, deya xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.

Muzokaralar davomida Vengriya tomoni o‘zbekistonlik hamshiralar va o‘rta tibbiy personal vakillarini ishga jalb qilish imkoniyatlariga qiziqish bildirgan. Bu borada O‘zbekistonning tibbiyot xodimlarini Yevropa mamlakatlarida ishga joylashtirish tajribasi yuzasidan ma’lumot almashishga kelishilgan.

2027-yilning birinchi choragida Vengriya O‘zbekistonga mutaxassislar guruhini yuborib, tez tibbiy yordam xizmati hamda oilaviy poliklinikalar faoliyatini o‘rganishni rejalashtirmoqda.

Vengriya tibbiyot muassasalarida O‘zbekistondan 5 nafar bemorni, asosan ayollar va bolalarni bepul davolash bo‘yicha pilot loyihani amalga oshirish taklif etildi, deyiladi xabarda.

Sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorlikning huquqiy asoslarini mustahkamlash maqsadida hukumatlararo bitim loyihasini ishlab chiqish va uni 2027-yildagi yuqori darajadagi tashriflar doirasida imzolash imkoniyati ko‘rib chiqilgan.

Erishilgan kelishuvlarni amaliy bosqichga o‘tkazish maqsadida Tamash Shved 2027-yil yanvar oyida O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazishga tayyorligini bildirgan.

O‘xshash yangiliklar