26.11.2026, Payshanba+13.1°CToshkentUSD11 987.89EUR13 114.75RUB145.41
+13.1°CToshkent$11 987.89 26.11.2026

“Odamlarning huquqini muhofaza qilish uchun tizim yaratilmagan”. Uy-joy qurilish bozorida firibgarliklar nega kengayib ketdi?

Boshqa 26.11.2026 18:05 0Gazeta
“Odamlarning huquqini muhofaza qilish uchun tizim yaratilmagan”. Uy-joy qurilish bozorida firibgarliklar nega kengayib ketdi?

O‘zbekistonda xonadon sotib olaman deb to‘lov qilgan, ammo aldanib qolgan xaridorlar muammosi kengayib ketdi. Xususan, so‘nggi bir yil ichida Credit House va Imarat Development bilan bog‘liq voqealar jamoatchilikda katta rezonans uyg‘otdi. Shu fonda eskrou tizimiga oid qonun loyihasi ham quyi palata muhokamasidan o‘tib, Senatga yuborildi.

Ammo qonun ortga qaytish xususiyatiga ega emas, eski muammoli loyihalar taqdiri nima bo‘ladi? Umuman nega odamlar quruvchilarga aldanib qolishyapti? Bunda qanday tizimli muammolar bor?

Gazeta shu kabi savollariga javob olish uchun mavzuni Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi boshqarma bosh mutaxassisi Elyor Komilov, shu masalalarda ixtisoslashgan huquqshunos Behzod Mo‘minov bilan tahlil qilishga urindi.

Videoni to‘liq quyidagi havola orqali Gazeta YouTube kanalida tomosha qiling. Havoladan keyin suhbatda yangragan fikrlardan qisqacha matn keltiriladi.

— Vazirlik ushbu holatlardan kelib chiqib, qurilish bozoridagi umumiy vaziyatni tahlil qildimi? Rasmiylar muammolarning asosiy sabablarini nimada ko‘rmoqda?

— Elyor Komilov: Keling, oddiy qilib tushuntiraylik. Xalqimiz uy-joy sotib olishda ko‘proq reklama, ya’ni mashhur yuzlar, taniqli insonlarga ishonib qolishmoqda. Lekin Qurilish vazirligi va boshqa davlat idoralarining rasmiy saytlarida barcha qonun va qonunosti hujjatlari bo‘yicha yangiliklar berib boriladi. 2020-yil 27-may kuni davlat rahbari tomonidan 4732-sonli qaror qabul qilingan. Bunda ulush kiritish asosida qurilayotgan uy-joylarni elektron ro‘yxatini yuritish ham belgilangandi. Bu ro‘yxat 2020-yildan beri bor, ishlayapti. Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining rasmiy saytida mavjud.

Bugungi kunda 300ga yaqin qurilish majmualari ro‘yxatdan o‘tgan. Bundan tashqari, 5000dan ortiq shartnomalar ro‘yxatga olingan. Qurilishga oid hujjatlarning barchasi mana shu platformaga kiritiladi. Bu, birinchidan, qurilish tashkilotlari uchun tekin reklama, vazirlikning rasmiy saytida ko‘rinib turadi. Shu bilan birga, bu bilan 1 uyni 2 marta sotish imkoni cheklanadi. Barcha xonadonlar shu tizimga kiritilgan, shunday tizim shakllangan.

Bu ro‘yxat ishonchlimi deb savol berishadi, bu ro‘yxatda bor degani, barcha hujjatlari: ekspertizasi, loyihasi va “GASN”dan ro‘yxatdan o‘tgani bo‘ladi deb javob beramiz. Keyin “unda uy olaveraymi?” deb so‘rashadi. “Siz ikki tomonlama shartnomaga asosan qilasiz, shu ro‘yxatdan o‘tsang, olaman deb talab qo‘yish huquqiga egasiz” deb javob qaytaramiz.

Ro‘yxatga kiritish jarayonida korrupsiyaning oldini olish uchun hamma narsa raqamlashtirilgan. Quruvchilar elektron kalit orqali kirishadi, murojaat qilishadi, hamma hujjatlari to‘g‘ri bo‘lganda elektron ro‘yxatga avtomat kiritiladi. U qiyin, murakkab jarayon ham emas.

Bundan tashqari, biz dshk.shaffofqurilish.uz'ni ham ishga tushirdik. U yerda respublikadagi barcha qurilish obyektlari bor. Nafaqat uy-joylar, noturar-joylar ham, maktab, bog‘cha — hammasi shu saytda mujassam. Saytga kirilsa, qurilish obyektining eng oxirgi haftada olingan rasmi, qurilish qurayotgani, loyihasi, muddati, qachon kechikkani, muzlatilgani yoki to‘xtatilgani haqida ma’lumotlar bo‘ladi.

Voha yoki vodiyda o‘tirgan odam ham reklamaga ishonib uy olmoqchi bo‘lsa, uy-joy firmasining nomini kiritib, lokatsiyasi bo‘yicha joyni ochishi, barcha ma’lumotlar bilan tanishishi mumkin. Yanada sodda usuli, uy-joy xarid qilmoqchi bo‘lganlar, telefon orqali uy-joyning pasportini so‘rashi mumkin, pasporti yo‘qmi, demak, u noqonuniy bo‘ladi. Chunki barcha qonuniy qurilishlarning pasporti bo‘ladi. Pasportga QR kod orqali kirganingizda, barcha ma’lumotlar kelib chiqadi. Biz buni ham raqamlashtirib, osonlashtirib qo‘yganmiz.

— Ya’ni, vazirlik umumiy xulosada bozorni tahlil qilganida, xaridorlarning mas’uliyatsizligini ko‘proq aytmoqchimi? Shunaqa xulosa bo‘lyaptimi?

— Elyor Komilov: Yo‘q, bu — siz aytgan xulosa, men bu so‘zlarni ishlatmadim. Aytmoqchi bo‘lganim, vazirlik ko‘proq raqamlashtirishga va korrupsiyaning oldini olish, shu bilan birga, yangi normativ hujjatlarni ishlab chiqish va rivojlangan davlatlarda yuritilayotgan qurilish yangiliklari, qurilish siyosatini tatbiq qilish bilan shug‘ullanadi.

— Tushunarli. Behzod aka, siz qanday fikrdasiz? Umumiy tendensiyalarni ko‘ryapsiz, o‘zingiz ham sud ishlarida qatnashasiz, fuqarolar bilan bevosita muloqotda bo‘lasiz. Shu vaziyatning o‘zi qonunchilikdagi qanday muammolar va fuqarolarning huquqlarini himoya qilishdagi qanday bo‘shliqlarni ko‘rsatib qo‘ydi?

— Behzod Mo‘minov: Hozir faqat huquqshunoslik nuqtai nazaridan gapiradigan bo‘lsam, ozgina quruqroq suhbat bo‘lishi mumkin, shuning uchun masalani biroz kengaytirsak. Hozir vazirlik vakili to‘g‘ri gapirdilar. Vazirlikning ma’lum ma’noda majburiyatlari, o‘zining vazifalari bor va shu vazifalar doirasida faoliyatini olib boradi. Lekin sizning savolingizdagi kinoyali nuqta shu ediki, sizlar regulyator emasmisiz, deb so‘rolmadingiz.

Qurilish vazirligi regulyator emas. Qurilish vazirligi hozirgi trendga chiqqan mavzu: aldangan iste’molchilarning shu vaziyatga kelib qolgani uchun javobgar emas. Huquqiy nuqtai nazardan shunday. Endi savol, kim javobgar? Bu masalaga ham huquqiy, ham iqtisodiy, ham ijtimoiy nuqtai nazardan kengroq qarasak, bu joyda bo‘shliqlar bir muncha.

Shulardan birini misol tariqasida aytsam, developer iste’molchi bilan shartnoma tuzadi. Shartnomaga sotib oluvchini iste’molchi deb yozmaydi, investor sifatida ko‘rsatadi. Bunday olib qaraganda nima farqi bor degan savol paydo bo‘ladi. Farqi shundaki, ikki tomonning munosabatlarida tushunmovchilik, mojaro paydo bo‘lsa, bunda iste’molchida sudga berish huquqi bor. O‘z huquqidan foydalangan holda “mana bu shartnomam developer mening huquqlarimni inobatga olmayapti, vaqtida qurmayapti yoki pulimni bermayapti” yoki yana bir boshqa sabablarni ko‘rsatib da’vo arizasi kirita oladi.

Sudning ichki qoidasi bor. Unga ko‘ra, sud shartnomani oladi-da, “e, siz iste’molchi emas, investor ekansiz” deydi. Va bunda qo‘yiladigan birinchi savol — davlat boji to‘lanishi. Iste’molchi davlat bojini nol stavka bilan to‘laydi, ya’ni umuman to‘lmayapdi. Investor esa 4 foiz to‘lashi kerak. Endi o‘zingiz o‘ylang, bitta kvartiraning narxi necha pul turadi? Bitta kvartirani narxi 100 million tursa, 4 foizini sanasangiz qancha bo‘lib ketadi? Misol uchun, 1 milliard so‘mlik kvartiraning davlat boji 40 million so‘m bo‘ladi. 500 millionlik kvartiraniki 25 million so‘m.

Bu — iste’molchining huquqini poymol qilish. Developer faqatgina bir tomon, ya’ni o‘zining foydasini ko‘zda tutgan holda shartnoma tuzadi. Xohlaysizmi, xohlamaysizmi, shu shartnomaga qo‘l qo‘yishga majbursiz. Muzokara, shartnomaga o‘zgartirish kirgizish masalalari umuman ko‘rib chiqilmaydi.

— Demak, shunda ham baribir odamlarni o‘zi to‘laqonli bunga mas’ul, aldanishida ham o‘zi aybdor ko‘proq degan xulosaga kelyapmizmi?

— Behzod Mo‘minov: Yo‘q, men odamlarni aybdor demoqchi emasman. Sharoit shunday yaratilganki, odamlarning huquqini muhofaza qilish uchun tizim yaratilmagan.

— Shu haqda gaplashsak, aynan tizimda qanday muammolar shu holatlarni kengayishiga yoki yuzaga keltirishiga sabab bo‘lyapti?

— Behzod Mo‘minov: Jiddiy masala. Biznesda tovar va pul munosabatlari 2 ta model asosida amalga oshiriladi. Birinchisi — eng oddiy bozor yoki do‘konga kirib bitta mahsulotni ushlab ko‘rasiz, sifatini bilasiz, boshqasini ko‘rasiz, pulini berasiz, mahsulotni olasiz. Ikkinchi model — bu siz pulini oldindan berasiz, undan keyin sizga tovar yoki xizmat ko‘rsatiladi. Aynan developerlik sohasi ikkinchi modelga to‘g‘ri keladi.

Bu o‘z navbatida qanday munosabatlarni yaratadi? Birinchidan rasmiy vakil aytganidek, taniqli shaxslarning imijidan foydalangan holda reklamani amalga oshiradi. Bu — manipulyatsiya. Xaridor, iste’molchi bunday manipulyatsiyaga uchmasligi kerak. Bu haqiqatda xaridorning o‘ziga tegishli mas’uliyati.

Lekin gap shundaki, developerlarning munosabatini regulyatsiya qiladigan tashkilotning o‘zi yo‘q. Bu bir qancha organlar munosabati bilan, o‘zini vakolat doirasida amalga oshiriladi. Deylik, bitta developer iste’molchini aldadi. Qurilishni vaqtida bajarmayapti. Borib, nima qiladi? Borib, to‘polon qiladi. YouTube’ga chiqadi, trendga chiqadi, janjal ko‘tariladi. Foydasi yo‘q. Nima qilish kerak?

Huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ariza topshiradi. “Falon developer meni huquqimni poymol qilyapti” deydi. Lekin tergovga tushdi ham deylik. Tergovchining nuqtai nazari nimadan iborat bo‘ladi? Xo‘p, ariza kelib tushdi. Bu arizada ko‘rsatilgan shaxs jinoyatchimi yoki yo‘qmi? Ha, jinoyatchiga o‘xshadi.

Firibgarlik bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi ham deylik. Jinoiy ish qo‘zg‘atilgandan keyin, ularning asosiy vektori jinoyatni aniqlab, isbotlash bo‘ladi. Xo‘p, jinoyat aniqlandi, jinoyat isbotlandi. Keyin buni prokuratura ko‘rib chiqadi. Prokuratura to‘g‘ri deb topgandan keyin, ish materiallari ayblov xulosasi bilan sudga kelib tushadi.

Sudga kelib tushganda nima savol ko‘tariladi? Jinoyatchi deb jinoyat ish ochdik, shunga huquqiy baho bering deyiladi. Sud uni ko‘rib chiqadi. Sud uni ko‘rib chiqish jarayonida bu jinoyat sodir etganmi yoki yo‘qmi, shu savolga javob izlaydi. Jinoyat sodir etganligi isbotlandi ham deylik. U qamaladi. Lekin hech qaysi bosqichda jabrlanuvchiga pul qaytariladimi, yo‘qmi, qaysi shaklda qaytariladi, qaysi shaklda qaytarish imkonlari bor — bular umuman ko‘rib chiqilmaydi.

— Bu javobgarlikni ham biror tashkilot bo‘yniga olmaydi demoqchisiz?

— Behzod Mo‘minov: Ha. Masalan, tergovchidan nima uchun faqat buni jinoyatchi sifatida ko‘rib chiqib, ishni sudga oshirdingiz desangiz, u qonuniy ish ko‘rganini isbotlab beroladi. Chunki Jinoyat-protsessual kodeksining talablari bor. U barcha talablariga javob bergan holda o‘z ishini amalga oshirgan bo‘ladi. Bu kodeksda xaridorlarning pulini qaytarib berish choralarini ko‘rishga oid joyi yo‘q. Shuning o‘zi kattagina kamchilik. Bu — tizimli kamchilik.

Menimcha, soxta tadbirkorlik bilan real tadbirkorlikning farqiga borishimiz kerak. Hozirgi tizim soxta tadbirkorlar uchun sharoit yaratib bergan. Hukumat bu borada to‘g‘ri diagnoz qo‘yib, kamchiliklarini real baholab, bo‘shliqlarni to‘ldiradigan oson yechim emas, kompleks yechim topib, uni tatbiq qilishi kerak. Menimcha, kelgusida buning regulyatsiyasini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish mumkin. Lekin hozirgi va avvalgi aldanib qolgan iste’molchilarning huquqini qanday himoya qilamiz? Mana shu masala bor.

— Elyor aka, yuqorida 2020-yilda ishlab chiqilgan prezident qarori bilan shakllantirilgan ro‘yxat haqida gapirdingiz. U yerda tadbirkorga bir qancha talablar qo‘yilgan.

Jumladan, qurilishni kamida 20% miqdorida o‘zi moliyalashtirishi, bank kafolati, yer va qurilishga oid ruxsat hujjatlariga ega bo‘lishi, loyiha-smeta hujjatlari tasdiqlanishi kerak. Ya’ni bunday o‘ylab qaraganda, elektron ro‘yxatga kirish uchun quruvchida barcha hujjatlar tayin bo‘lishi kerak. Xo‘p, bu ro‘yxat o‘zi qanchalik ishonchli?

— Elyor Komilov: Bugungi kunda o‘zini hurmat qilgan qurilish tashkilotlari bu ro‘yxatdan o‘tgan. Kafolatlashga oid savolingizga kelsak, bu riskni kamaytiradi. Ya’ni hamma hujjatlar bo‘lganidan keyin qurilishni yakunlash imkoniyati bo‘ladi. Lekin tadbirkorning moliyaviy holati bundan mustasno, biz ungacha kirib borolmaymiz.

Elektron ro‘yxat quruvchining bankrotga uchrashi yoki uchramasligini oldindan baholay olmaydi, shu sabab riskdan mustasno emas. Lekin qonunchilik, hujjatlar asosida eng ishonchlilari ro‘yxatga kiritiladi.

— Unda fuqarolar bu elektron ro‘yxat bilan tanishgan taqdirda ham baribir keyinchalik muammoga duch kelishi mumkin deganimi bu?

— Elyor Komilov: Aynan ikki marta sotilgan va shundan aldanib qolganlar soni bo‘yicha menda ma’lumotlar yo‘q. Bu masalada shikoyat qilgan murojaatlarni ham eslolmayman. Lekin yaqinda ko‘p kvartirali uylar va boshqa ko‘chmas mulk obyektlarini ulush kiritish asosida qurishga oid qonun loyihasi qabul qilinib, senatga yuborildi. Endi bu qonun qabul qilingandan keyin mutlaqo aldanib qolishning iloji bo‘lmaydi.

Sodda qilib tushuntirishga harakat qilaman. Bunda quruvchi kamida 30% o‘zining mablag‘i, qolgan 70%da bankning krediti bilan ishlaydi. Fuqarolar to‘laydigan pul bankda saqlanadi. Agar siz ishlayotgan joyingiz, shaharingiz yoki moliyaviy holatingiz o‘zgarganda, u pulni xohlagan kuni borib qaytarib olishingiz mumkin. Bank uy toki qurib foydalanishga topshirilguncha, ya’ni kalit berilguncha kafil bo‘lib turadi. Eskrou tizimi Singapur, Dubay va Rossiyada ham bor, ular ham shu jarayonlardan o‘tgan.

— Tushunarli. Elyor aka, yana bitta savol ham bor. Shu vaqtgacha O‘zbekiston qurilish bozori bilan bog‘liq keyslar juda ko‘p bo‘ldi. Eskrou tizimini joriy etishga oid topshiriq esa 2025-yil boshida prezident farmoni bilan qo‘yilgandi.

Hozirga kelib qonun loyihasi endi quyi palata tasdiqlovidan o‘tib turibdi. Nimaga kechikdi? Bu postfaktum harakat emasmi?

— Elyor Komilov: Yo‘q, birinchi bosqich 2026-yil 1-iyuldan, ikkinchisi 2028-yil 1-yanvardan joriy etish belgilangan edi. Bizda buning texnik jihatlari ishlab chiqilgan. Hozir ham bor, ya’ni hammasi shaffof qurilish milliy axborot tizimida.

Lekin eskrou tizimini joriy etish uchun qonun osti hujjatlarini o‘zgartirish talab etildi. Masalan, Markaziy bankning o‘zida ham nechta qonun va qonun osti hujjatlarining o‘zgarishiga to‘g‘ri keldi.

— Tushunarli. Behzod aka, odamlar uy sotib olishga kelganida quruvchining ishonchli ekanini qanday bilishi mumkin? Undan qaysi hujjatlarni talab qilishi kerak?

— Behzod Mo‘minov: Hozir rasmiy vakilimiz platformalar to‘g‘risida gapirdilar. Quruvchilarning reyting platformasi ham bor, xaridorlar shuni ham tekshirishi kerak. Lekin bularni tekshirib chiqqan taqdirda ham, hozirgi sharoitda asosiy risk baribir iste’molchining zimmasida qolaveradi. Chunki shaffof qurilish geoportali ham, boshqa portallar ham 100% soxta tadbirkorning nayrangidan kafolatlamaydi. Soxta tadbirkorlar juda topqir bo‘ladi. Ular siz qanchalik tartibni qo‘yganingiz sari tuynuk topib olaverishadi.

Shu nuqtai nazardan bu masalaga oson yechim eskrou bo‘lolmasligi mumkin. Ya’ni eskrouni ishga tushirdik, endi hammasi yaxshi bo‘lib ketadi degan xulosaga kelish noto‘g‘ri deb o‘ylayman. Bu masalaga yana ham chuqurroq qarash kerak. Praktik advokatlar, huquqshunoslar, konsalting kompaniyalari bilan muloqot qilgan holda ehtimoliy barcha holatlarni ko‘zda tutish va kompleks qonuniy o‘zgartirishlar kiritish kerak bo‘ladi.

Amaliyotda bir keys bo‘lgandi. Juda ko‘p murojaat va shuning ortidan ariza tushgandi. U arizalarga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Lekin jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandan keyin jinoyatchini hibsga olish davrigacha bir necha oy vaqt o‘tib ketgan. Mening nuqtai nazarimda, jinoyatchini qamash emas, pulni qidirib topib, jabrlanuvchilarga berish — birinchi masala bo‘lishi kerak.

Mana shu jarayon uchun tergovchiga firmaning tashqi boshqaruvini tatbiq qilish vakolati berilishi kerak deb hisoblayman. U tashqi boshqaruvni kim amalga oshiradi, kimning qarori bilan bu yo‘lga qo‘yiladi — bularning hammasi qonuniy yechimini topishi kerak.

Afsuski, tergovchi ham, sud ham moliyaviy ekspertizani yo‘lga qo‘yishmaydi. Jabrlanuvchilarga pulni qaytarishi kerak bo‘lgan tashkilotda moliyaviy ekspertiza yo‘lga qo‘yilishi kerak. Pul qayoqqa ketgan? Pulni ta’sischi olib chiqib ketdimi yoki biror soxta firmaga pul jo‘natib yuborildimi? Keyin u pulni olib qayoqqadir olib qochib ketdimi? Shular surishtirilishi lozim.

Lekin bizda pulni qidirish masalasi yigirma beshinchi o‘ringa tushib ketgan. Chunki jinoyat kodeksining 168-moddasi beshinchi qismida jinoyatchi jabrlanuvchilarga pulni qaytarsa, u jinoyatchi bo‘lib qolaveradi. Lekin qamoq jazosini olmaydi. Huquq-tartibot organlarining asosiy argumenti shu: “modda bor-ku, qayerga ham qochib qutilardi, baribir pulni topib beradi” deyishadi. Lekin ba’zi hollarda kechirasiz-u, astronomik summalar haqida gap boradi. Odam hayoti davomida ham tugatolmaydigan summalar aytiladi.

Bundan tashqari, soxta tadbirkorlar orasida “sholg‘om” degan tushuncha ham bor. Oldindan belgilangan shartli “jinoyatchi”ga hamma hujjatlarni rasmiylashtiradi. U orqali o‘zining jinoiy ishini, jinoiy faoliyatini davom ettiradi, pulni oladi, bir qismini uning oilasiga beradi, keyin u falon yilga qamalib ketadi. Qarabsizki, jinoyatchi bor, ammo pul yo‘q. Shularni hisobga olib qonunchilikka o‘zgartirish kiritish kerak, fikrimcha.

— Tushunarli. Odamlarning aldanib qolishi quruvchi tashkilotlarning qonun buzilishlariga vaqtida va yetarlicha jazo qo‘llanmayotgani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinmi?

— Elyor Komilov:Yo‘q, men bu fikringizni tasdiqlolmayman. Bizda ogoh fuqaro degan platforma bor. Avvallari, uy bo‘ladimi, maktabmi yoki bog‘cha, ularni qurishga ruxsat olish uchun ikki sumka hujjatlar bilan yurilardi. Hozir loyihani kelishish, ekspertizadan o‘tkazish jarayonlarining hammasi butunlay raqamlashdi. Ya’ni umuman qog‘ozbozlikdan kechildi.

Shu bilan birga, ogoh fuqaro platformasi ham ishlab chiqildi. Agar biror obyektga borib, ko‘nglingiz to‘lmaydigan yoki shubhali yoki kimdir normativga rioya qilmasdan qurilish qilayotgan bo‘lsa, rasmga tushirib shu platformaga bersangiz, birdan unga chora ko‘rilganligi, ma’muriy bayonnoma tuzilganligi haqida sizga ma’lumot berishadi.

Suhbatning to‘liq shaklini yuqoridagi havola orqali tomosha qilishingiz mumkin. Video davomida quruvchilar reytingi ularning faoliyatiga qanday ta’sir qilishi, shartnomalar masalasi hamda kelgusida tizimli qanday yechimlar kerakligi ham muhokama qilingan.

Dilshoda Shomirzayeva tayyorladi.

O‘xshash yangiliklar