23.11.2026, Dushanba+15.5°CToshkentUSD12 004.48EUR13 155.71RUB146.56
+15.5°CToshkent$12 004.48 23.11.2026

OTP Group Ipoteka bank’ning qolgan davlat aksiyalar paketini sotib olmoqda

Boshqa 21.11.2026 17:43 0Gazeta
OTP Group Ipoteka bank’ning qolgan davlat aksiyalar paketini sotib olmoqda

Vengriyaning OTP Group kompaniyasi Ipoteka bank’ning taxminan 17,5 foiz miqdorida qolgan davlat aksiyalar paketini sotib olmoqda. Bu boradagi qo‘shimcha kelishuv 20-noyabr kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda OTP Bank o‘rtasida imzolandi.

Moliyaviy hisob-kitoblar amalga oshirilib, aksiyalarga bo‘lgan huquq o‘tkazilgandan so‘ng, OTP Group’ning Ipoteka bank kapitalidagi ulushi 90,4 foizga yetadi, deya xabar berdi bank matbuot xizmati.

Ipoteka bank 2023-yilning iyun oyida OTP Group tarkibiga qo‘shilgan edi. O‘tgan davr mobaynida bankda keng ko‘lamli transformatsiya o‘tkazildi: bek ofis markazlashtirilib, ma’muriy yuklama taxminan 20 foizga kamaytirildi, risklarni boshqarish yondashuvi qayta ko‘rib chiqildi hamda bir yil ichida muammoli kreditlar (NPL) ulushi 10,2 foizdan 2,6 foizgacha qisqardi, bu sektor bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan (3,2%) past.

Filiallar va kontakt markaz yangilandi, yanada ochiq va jamoaviy korporativ madaniyat yo‘lga qo‘yildi. Yangi raqamli yechimlar joriy etilib, Private Banking yo‘nalishi ishga tushirildi, deyiladi xabarda.

“Biz mamlakatda bank xizmatlarini yanada rivojlantirish uchun katta imkoniyatlarni ko‘ryapmiz. OTP Group’ning xalqaro tajribasini Ipoteka bank jamoasining mahalliy ekspertizasi bilan birlashtirib, mijozlarning o‘zgarib borayotgan talablariga yanada yaxshiroq javob bera olamiz”, — dedi OTP Bank bosh direktori o‘rinbosari Laslo Volf.

“Qo‘shimcha kelishuvni imzolash va bitimni moliyaviy jihatdan yopish alohida bosqichlar hisoblanadi. Qolgan davlat aksiyalar paketini sotib olish zarur shartlar bajarilgandan, moliyaviy hisob-kitoblar amalga oshirilgandan va aksiyalarga bo‘lgan huquq belgilangan tartibda o‘tkazilgandan so‘ng yakunlanadi”, — deya qayd etdi bank.

O‘zbekiston hukumati va OTP Bank Ipoteka bank’ni xususiylashtirish to‘g‘risidagi shartnomani 2022-yil dekabr oyida imzolagan edi. Bankni sotib olish ikki bosqichda amalga oshirilishi xabar qilingandi. Dastlab 75 foiz aksiyalar, qolgan 25 foizi esa birinchi bitim moliyaviy jihatdan yopilganidan uch yil o‘tib sotib olinishi belgilangan.

O‘xshash yangiliklar