S&P Global Ratings xalqaro reyting agentligi O‘zbekistonning milliy va xorijiy valyutadagi uzoq muddatli suveren kredit reytinglarini BB darajasidan barqaror prognoz bilan BB+ darajasiga ko‘tardi.
“Bu mamlakatimiz tarixida hozirgacha erishilgan eng yuqori ko‘rsatkich, endi „investitsiyaviy“ (BBB-) pog‘onaga bir qadam qoldi”, — deb yozdi Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva o‘zining Telegram kanalida.
U reytingning oshirilishi “tizimli iqtisodiy islohotlar, muvozanatli moliya siyosati hamda prezidentning uzoqni ko‘zlagan strategik yondashuvi samarasi” bo‘lganini ta’kidladi.
“Yurtimizga bo‘lgan ishonchni mustahkamlash, investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish yo‘lidagi qat’iy harakatimizni davom ettiramiz”, — deya qo‘shimcha qildi Saida Mirziyoyeva.
Hisobotda nima deyilgan?
BB+ darajasiga erishish kredit reytinglarining spekulyativ toifasidan investitsiyaviy toifasiga o‘tishni anglatadi.
S&P o‘z hisobotida budjet ko‘rsatkichlari yaxshilangani, oltin-valyuta zaxiralari ortgani va iqtisodiy islohotlar o‘tkazilayotganini qayd etdi. Shu bilan birga, agentlik tahlilchilarining fikricha, O‘zbekistonda oltinga qaramlik, davlat korxonalari va tashqi qarzlar bilan bog‘liq xatarlar saqlanib qolmoqda.
O‘zbekistonning qisqa muddatli reytinglari B darajasida saqlab qolindi. Shu bilan birga, valyutani o‘tkazish va konvertatsiya qilish xatarlari bahosi BB+ darajasidan BBB− darajasiga ko‘tarildi.
Agentlik reytingning oshirilishini budjet ko‘rsatkichlari va to‘lov balansi holatining yaxshilanishi, davlat qarzining nisbatan mo‘’tadil darajada ekani, shuningdek, energetika va davlat sektoridagi islohotlar bilan izohladi.
Reytingni qayta ko‘rib chiqish omillaridan biri O‘zbekiston YAIMining rasmiy bahosi oshirilgani bo‘ldi. 13-noyabr kuni Milliy statistika qo‘mitasi korxonalar statistikasini aniqlashtirish, shuningdek, aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish yakunlari bo‘yicha 2017−2025-yillar uchun YAIM ko‘rsatkichlari qayta ko‘rib chiqilganini ma’lum qildi.
Natijada 2025-yil uchun nominal YAIM 15 foizga — 277 trln so‘mga (22 mlrd dollar) oshirilib, 2127 trln so‘mga (169 mlrd dollar) yetkazildi.
Bu qarz yukining hisob-kitob ko‘rsatkichlarini sezilarli darajada yaxshiladi. S&P agentligining yangilangan prognoziga ko‘ra, 2026−2029-yillarda sof davlat qarzining YAIMga o‘rtacha nisbati avval kutilgan 30 foiz o‘rniga 24 foizni tashkil etadi.
Bunda gap qarzning o‘zi kamaygani haqida emas, balki YAIM statistik jihatdan qayta ko‘rib chiqilgani ortidan qarzning iqtisodiyot hajmiga nisbati yaxshilangani haqida bormoqda.
Agentlik O‘zbekistonning qarz tarkibi nisbatan qulayligicha qolayotganini qayd etadi: tashqi davlat qarzining 83 foizi rasmiy kreditorlardan, asosan imtiyozli shartlarda, uzoq muddatli to‘lov va past foiz stavkalari bilan jalb qilingan qarzlar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Shu bilan birga, S&P qarz yuki yanada oshishini prognoz qilmoqda. 2029-yilga borib sof davlat qarzi YAIMning 26 foiziga yetishi mumkin. Taqqoslash uchun, 2017-yilda davlat sof moliyaviy aktivlarga ega edi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston davlat qarzining qariyb 84 foizi xorijiy valyutada nominatsiyalangan bo‘lib, bu uni so‘m kursining o‘zgarishiga ta’sirchan qiladi.
Reytingning oshirilishiga xizmat qilgan ikkinchi muhim omil jahon bozorida oltin narxining yuqoriligi tufayli tashqi iqtisodiy ko‘rsatkichlarning yaxshilanishi bo‘ldi.
S&P bahosiga ko‘ra, O‘zbekiston tovar eksportining 30−40 foizi va xalqaro zaxiralarining 85−90 foizi oltin hissasiga to‘g‘ri keladi.
2023-yildan buyon mamlakatning oltin-valyuta zaxiralari hajmi ikki baravardan ziyodga oshdi va 2026-yil oktabr oyi oxiriga kelib taxminan 64 mlrd dollarga yoki YAIMning 32 foiziga yetdi.
Noxomashyo eksportining o‘sishi, turizmdan tushadigan daromadlar va mehnat migrantlarining pul o‘tkazmalari tashqi iqtisodiy barqarorlikni qo‘shimcha ravishda qo‘llab-quvvatlamoqda.
Xususan, 2025-yilda O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmi 28 foizga oshib, 18,9 mlrd dollarga yoki YAIMning 11,2 foiziga yetdi. Tushumlarning qariyb 78 foizi Rossiya hissasiga to‘g‘ri keldi.
Shu bilan birga, agentlik zaxiralar va eksport daromadlarining jahon bozoridagi oltin narxiga yuqori darajada bog‘liq ekanidan ogohlantirmoqda.
S&P oltinning o‘rtacha narxi 2026-yildagi bir troy unsiyasi uchun 4300 dollardan 2027-yilda 4000 dollargacha, 2028−2029-yillarda esa 3500 dollargacha pasayishini prognoz qilmoqda.
Shu fonda, agentlik bahosiga ko‘ra, foydalanish mumkin bo‘lgan xalqaro zaxiralar hajmi 2026-yil oxiriga kelib taxminan 62 mlrd dollarlik eng yuqori ko‘rsatkichga yetadi va shundan so‘ng kamaya boshlaydi.
2026-yilda iqtisodiyot 8 foizga o‘sadi
S&P agentligi 2026-yilda O‘zbekiston iqtisodiy o‘sishi prognozini 8 foizgacha oshirdi. 2027−2029-yillarda agentlik o‘rtacha yillik o‘sishni 6,7 foiz darajasida kutmoqda.
Bunga asosiy omillar sifatida ichki iste’mol, energetika, tog‘-kon sanoati va infratuzilmaga yo‘naltirilgan davlat investitsiyalari, shuningdek, ijtimoiy xarajatlar xizmat qiladi.
Agentlik O‘zbekiston dunyodagi eng tez rivojlanayotgan iqtisodiyotlar qatoriga kirishini qayd etadi. 2017-yilda iqtisodiy liberallashuv boshlanganidan buyon mamlakat YAIMi yiliga o‘rtacha taxminan 6 foizga o‘sib kelmoqda.
Shu bilan birga, iqtisodiyotning o‘sishi sezilarli darajada investitsiyalar hisobiga ta’minlanmoqda — ularning hajmi YAIMning qariyb 36 foiziga yetadi va bu dunyodagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi.
S&P agentligi 2026-yilda O‘zbekistonda aholi jon boshiga YAIM 2019-yildagi 2365 dollarga nisbatan taxminan 5200 dollarni tashkil etishini prognoz qilmoqda. Biroq o‘sish hisobga olingan taqdirda ham, bu ko‘rsatkich xalqaro mezonlar bo‘yicha nisbatan pastligicha qolmoqda.
Shuningdek, agentlik 2026-yilda o‘rtacha yillik inflyatsiya 2020−2025-yillardagi 11 foizlik o‘rtacha ko‘rsatkichga nisbatan 6,7 foizgacha pasayishini kutmoqda.
S&P hukumatning davlat korxonalari, davlat-xususiy sheriklik va budjet majburiyatlari bilan bog‘liq moliyaviy xatarlarni cheklash bo‘yicha ko‘rgan chora-tadbirlarini ijobiy baholadi.
Xususan, agentlik davlat korxonalarining tashqi qarz olishini tartibga solish joriy etilganini, DXSH loyihalari bo‘yicha yangi majburiyatlarga cheklovlar qo‘yilganini hamda energetika subsidiyalari isloh qilinganini qayd etdi.
Davlatning elektr energiyasi va gazni subsidiyalashga yo‘naltirilgan xarajatlari 2023-yildagi 1,5 mlrd dollardan (yoki YAIMning 1,2 foizidan) 2025-yilda 600 mln dollargacha (yoki YAIMning 0,4 foizigacha) qisqardi.
Budjet konsolidatsiyasi va xomashyo narxlarining qulayligi tufayli S&P 2026−2029-yillarda o‘rtacha yillik budjet taqchilligi 2021−2024-yillardagi 3,5 foizga nisbatan YAIMning taxminan 3 foizini tashkil etishini kutmoqda.
Shu bilan birga, agentlik DXSH loyihalarining tez sur’atlarda kengayib borayotganiga e’tibor qaratmoqda. 2025-yil yakunlariga ko‘ra imzolangan bitimlarning umumiy qiymati YAIMning 21 foizi miqdorida baholangan.
Hukumat bunday loyihalar bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri va shartli majburiyatlarni YAIMning taxminan 15 foizi darajasida baholamoqda. Ularning amalga oshirilishi, ayniqsa alohida loyihalarda muammolar yuzaga kelgan taqdirda, davlat moliyasi uchun qo‘shimcha xatarlar tug‘dirishi mumkin.
Shuningdek, S&P makroiqtisodiy siyosat yaxshilanganiga qaramay, O‘zbekistonning institutsional tizimi nisbatan zaifligicha qolayotganini qayd etadi.
“Qarorlar qabul qilish markazlashgan holda qolishini, davlat boshqaruvidagi so‘nggi yaxshilanishlarga qaramay, hokimiyat tarmoqlari o‘rtasidagi o‘zaro tiyib turish va muvozanat mexanizmlari esa hamon cheklangan bo‘lishini kutmoqdamiz”, — deyiladi hisobotda.
Agentlik, shuningdek, o‘xshash kredit reytingiga ega mamlakatlarga nisbatan korrupsiyaning yuqori darajasi saqlanib qolayotganiga ishora qilib, ayni paytda korrupsiyani qabul qilish ko‘rsatkichi yaxshilanganini qayd etadi.
Reyting qanday shartlarda oshirilishi yoki pasaytirilishi mumkin?
S&P budjet pozitsiyasi mustahkamlangan taqdirda, xususan, budjet taqchilligi va davlat korxonalarini qayta kreditlash hajmi qisqarishi hisobiga O‘zbekiston reytingini yanada oshirish imkoniyatini istisno etmaydi.
Shu bilan birga, agar budjet taqchilligi va tashqi hisob-kitoblar taqchilligi agentlik prognozlaridan yuqoriroq chiqsa, reyting pasaytirilishi mumkin.
Ehtimoliy sabablar qatorida tashqi savdo sharoitlarining yomonlashuvi, daromadlarning mutanosib o‘sishisiz davlat xarajatlarining oshishi, qarz jalb qilishning qimmatlashuvi hamda davlat korxonalari muammolari tufayli davlatda qo‘shimcha majburiyatlarning yuzaga kelishi ko‘rsatilgan.
Shuningdek, O‘zbekistonning Rossiya bilan yaqin iqtisodiy aloqalari, jumladan, pul o‘tkazmalariga bog‘liqlik, tashqi savdo va ehtimoliy ikkilamchi sanksiyalar bilan bog‘liq geosiyosiy xatarlar ham saqlanib qolmoqda.
“Barqaror prognoz bir tomondan O‘zbekistonning barqaror iqtisodiy o‘sishi va davlat qarzining qulay tarkibi, ikkinchi tomondan esa xomashyo tovarlari, eng avvalo, oltin narxiga yuqori darajada ta’sirchanlik, shuningdek, energiya resurslarining jahon narxlari va geosiyosiy voqealar borasidagi noaniqlik tufayli yuzaga keladigan xatarlar o‘rtasidagi muvozanatni aks ettiradi”, — deya qayd etadi S&P.
Bundan roppa-rosa bir yil avval — 2025-yil 21-noyabr kuni S&P Global Ratings O‘zbekistonning suveren kredit reytingini barqaror prognoz bilan BB− darajasidan BB darajasiga ko‘targan edi. Bu qaror makroiqtisodiy siyosatning yaxshilanishi, barqaror iqtisodiy o‘sish va tarkibiy islohotlarning amalga oshirilishi bilan izohlangan.
Shu tariqa, bir yil ichida mamlakat reytingi ketma-ket ikki pog‘onaga — BB− dan BB+ darajasigacha ko‘tarildi.
Iyun oyida Fitch Ratings O‘zbekistonning uzoq muddatli reytingi bo‘yicha prognozini “barqaror”dan “ijobiy”ga yaxshilagan va reytingni “BB” darajasida tasdiqlagan edi.




